Manfaatli loyihalar kelishuviga asoslangan uchrashuv
Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov pokistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi va mehmonlarni Buxoroga tashrifi bilan qutladi. Shuningdek, mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotganini, biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlar bartaraf etilganini alohida ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Pokiston mamlakatlari tarixidagi so‘nggi sakkiz yil ikki davlat o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik aloqalarining cho‘qqisi bo‘ldi. Iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda, madaniy-gumanitar aloqalar va ziyorat turizmi sohasida ham zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda Pokiston iqtisodiy jihatdan dunyodagi tez rivojlanayotgan o‘rta daromadli, aholi va ulkan iqtisodiy imkoniyatlarga ega sanoati rivojlangan mamlakat. To‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari sohalarida ham ilg‘or hisoblanadi.

– Bu sohalar rivojiga katta e’tibor qaratayotgan mamlakatimiz uchun Pokistonning tajribasi va texnologiyalari muhim, – deydi Botir Zaripov. – Pokiston uchun ham izchil rivojlanayotgan, investorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston istiqbolli hamkor deb hisoblaymiz.
So‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni besh baravarga oshdi. Hozirda hududda 450 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, viloyat tadbirkorlari va Pokiston Islom Respublikasi kompaniyalari hamkorligida 12 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan.
Pokiston Islom Respublikasi va Buxoro viloyati o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 2024 yilda 6,0 million dollarni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 60 foizga o‘sgan. Shu jumladan, eksport hajmi 4,5 million dollar va import hajmi 1,5 million dollarga yetgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizga, xususan, Buxoroga kelayotgan sayyohlar va mehmonlar soni ham jadal sur’atlar bilan ortib bormoqda. Yillik xorijiy sayyohlar soni 1,7 millionni tashkil etayotgan bo‘lsa, 2024 yilda pokistonlik sayyohlarning soni 1200 nafarni tashkil etdi.
– Albatta, bu ko‘rsatkichlar biz uchun kam, – deydi viloyat rahbari. –Kelgusida biz Pokiston Islom Respublikasidan Buxoro viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini hamda tashqi savdo aylanmasi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirilishiga ishonamiz.
Muzokarada Buxoro viloyatida investorlar va ishbilarmonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan, ishga solinmagan juda katta salohiyat mavjudligi ta’kidlanib, aniq konstruktiv takliflar o‘rtaga tashlandi. Pokistonlik sarmoyadorlar mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini bildirdi.

Pokiston Islom Respublikasi ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyasi “Buxoro Agroklaster DZZ” MCHJ bo‘ldi. Korxona davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan. U o‘zida yirik shoxli qora mollarni boqishdan tortib, sutni chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha texnologik zanjirlarni to‘liq birlashtirgan.
Mehmonlar bu yerdagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, ekin maydonlaridagi tuproqlarni o‘rganish bilan tuproq unumdorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan tuproq tahlil laboratoriyasining faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu laboratoriya tashkil etilganidan keyingi qisqa davr ichida ekin dalalaridan tegishli namunalar olinib, ularning tahlillari asosida tuproqqa ishlov berish, ularning tarkibini yaxshilash, o‘g‘itlash va sho‘rini yuvish bo‘yicha xulosa va tavsiyalar tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan edi va endilikda bu tahlillar doirasini yanada kengaytirishni davr talab qilmoqda.

Hozirda ilg‘or xorijiy tajriba asosida Kogon tumanida “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki barpo qilinmoqda. Mazkur ob’ektning tashkil etilishi natijasida Buxoro viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga erishiladi.

Mehmonlar Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qildilar. Qur’on tilovat qilindi. Pokistonliklar O‘zbekiston buyuk allomalar yurti ekanini, xalqimiz tarixi va ma’naviyatiga hurmatlari balandligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi elchisi Alisher To‘xtayev, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Halimjon Safarov, O‘zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi elchixonasi savdo maslahatchisi Bahrom Yusupov qatnashdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri