Ma’naviyat – yurt, millat qiyofasi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat, madaniyat, san’at sohalari faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif, fikr hamda g‘oyalar keng jamoatchilik, ayniqsa, ma’naviyat sohasi vakillarini ruhlantirdi.

Bugungi kunda dunyoda geosiyosiy munosabatlar, turli nizo va mojarolar, axborotlar, mafkuralar kurashi avj olgan. Ana shunday bir sharoitda har bir davlat o‘z suverenitetini saqlash, xalqining tinchligi, xavfsizligini ta’minlash, millatning ma’naviy, mafkuraviy, moddiy boyliklarini asrashni o‘zining birinchi galdagi vazifasi deb bilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham ma’naviyat, milliy g‘oya, milliy manfaatlar ustunligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari “Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti. Biz dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz”, deya yurtimiz bu borada milliy manfaatlarga asoslangan qat’iy pozitsiyaga ega ekanligini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.
Millatning ma’naviy qiyofasi, albatta, uning ilmli, salohiyatli, zakovatli xalqi, yoshlari bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda kengash yig‘ilishida bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, kutubxonalar ishini rivojlantirish, kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘p ming nusxalarda chop etish, kutubxonalarga yetkazib berish muhimligi aytildi.
Nashriyotlarning oldida turgan muammolarni yechish, xalqaro maydonda adabiyotning nufuzini oshirish uchun amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan rejalarning barchasi kelgusida o‘qimishli, ziyoli, kitobxon avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Ma’naviyat, madaniyat yo‘nalishiga yangi 2024 yildan boshlab har yili 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi, albatta, millat ma’naviyati uchun davlat hamisha g‘amxo‘rlik qilishidan dalolatdir.
Madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyati oshirilishi, har bir tuman va shaharda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushirilishi, shubhasiz, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari millatimiz ziyolilarini yanada faol bo‘lishga, jamiyatda har qanday ko‘rinishda buzg‘unchilik namoyon bo‘lishiga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, buzg‘unchi mafkuralarga qarshi immunitetni shakllantirish, tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqirdi.
Prezidentimizning ana shu chaqiriqlari, ayniqsa, “Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, degan fikrlari, biz – ma’naviyat sohasi vakillarini yanada faol va fidoyi bo‘lishga, zimmamizga yuklangan vazifalarni sidqidildan ado etishga undaydi.
Abdulhamid Nurmatov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Andijon viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA