Ma’naviyat – mustaqillikning mustahkam ustuni
Mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yillarida, ayniqsa, keyingi yillarda yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Olib borilayotgan ulug‘vor ishlarning samarasida yurtimiz obod bo‘lmoqda, xalqimizning turmush tarzi tubdan yaxshilanmoqda. Eng muhimi, qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimimz jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu, albatta, har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Yurt ko‘rki-kamolidan g‘ururlanib yashayotgan fuqarolarimizda ezgulik, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat, yurt ravnaqiga fidoyilik tuyg‘ulari mustahkamlanmoqda.
Bu boradagi ishlarni Andijon viloyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, so‘nggi yetti yil davomida viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobarga o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 3,5 barobarga ortdi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 68 trillion 223,4 milliard so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 5,1 foizga o‘sdi. Bundan tashqari, investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati qariyb 690 million dollarga teng 433 ta loyiha amalga oshirildi. Bunda to‘qimachilik, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari salmoqli o‘rin egalladi. Mazkur loyihalarni ishga tushirish hisobiga minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Ta’kidlash joizki, nafaqat iqtisodiyot, balki ma’naviy hayotimizda ham ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, yurtdoshlarimiz ma’naviyati, dunyoqarashini oshirish, o‘zligini anglash, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirish borasidagi ishlar ham yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi "Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keyingi ikki yil ichida viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Ma’naviyat va ma’rifat” maskanlari tashkil etildi. Ushbu maskanlar ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash ishlari samaradorligini oshirishga yordam bermoqda.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan viloyat hokimligi, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalar, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida o‘tkazilayotgan juda ko‘p tadbirlar ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samarasi va ko‘lamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festival, tanlov, uchrashuv va muloqotlar aholining ma’naviyatini yuksaltirish, tarixan tarkib topgan milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Qolaversa, aholining kayfiyati, ruhiyati ko‘tarilmoqda, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda.
Jumladan, joylarda “Milliy liboslarimiz – milliy qadriyatlarimiz ko‘zgusi” shiori ostida o‘tkazilgan milliy liboslar ko‘rgazmalari aholi, ayniqsa, yoshlarning milliy liboslarimizga qiziqish va hurmatini oshirish, ularni asrab-avaylash, milliy liboslarimiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.
“Eng yosh ma’naviyatchi” tanlovi esa yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlardagi faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi jarayonlarga, yurtning ertasi, kelajagiga daxldorlik hissini mustahkamlamoqda.
[gallery-18834]
–Tanlovda ishtirok etib, xalqimizning o‘ziga xos milliy, ma’naviy qadriyatlarini yangidan kashf etdim, – deydi tanlovning Oltinko‘l tuman bosqichi g‘olibasi Arofatxon Ismoilova. – Yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari xuruji kuchayib borayotgan bugungi kunda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish har qachongidan ham dolzarb masala. Shu bois, biz yosh ma’naviyatchilar tengdoshlarimiz o‘rtasida turli yot g‘oyalar, salbiy illatlarga qarshi kurashda yanada faol bo‘lishimiz zarur.
Umuman, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat yengilmas kuch”, "Jaholatga qarshi ma’rifat", “Yilning eng faol ma’naviyatchisi”, “Oila – muqaddas qo‘rg‘on”, “Milliy qadriyatlar – bebaho merosimiz”, “Kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Ma’naviyat soati” singari ko‘plab mavzular ostida o‘tkazilayotgan turli tadbir, tanlov, festival, uchrashuv va muloqotlar, shubhasiz, yurtdoshlarimiz qalbini ma’naviyat nurlari bilan boyitishga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami oldidan “Bir bo‘lsak –yagona xalqmiz, birlashsak– Vatanmiz” shiori ostida o‘tkazilgan “Ma’naviyat fastivali” doirasidagi uchrashuv va muloqotlar, konsert dasturlari, tadbirlar xalqimiz, xususan, andijonliklar ma’naviy hayotida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Yozuvchi va shoirlar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkorlar, iste’dodli yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan ana shu madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali islohotlar, hayotimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida yurtdoshlarimizga keng ma’lumotlar berildi, mustaqillik xalqimizning asrlar davomidagi eng ulug‘ orzusi, bebaho ne’mat ekanligi, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadr-qimmati targ‘ib etildi.
– Mustaqillik sharofati bilan yurtimizning eng chekka hududlarida ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligidan qalbimiz faxrga to‘ladi, – deydi Qorasuv shahrida yashovchi mehnat faxriysi Sirojiddin Hasanov. – Shahrimiz mamlakatimizning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi, Lekin bu yerdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar bizni behad quvontiradi. Mana shunday obod maskanda yashayotganligimizdan, tinchlik-xotirjamlik hukm surayotgan, inson qadri ulug‘lanayotgan yurt fuqarosi ekanligimiz uchun yaratganga beadad shukrlar keltiramiz.
Mustaqillik bayrami arafasida bu kabi shukronalik tuyg‘ulari ko‘plab yurtdoshlarimiz qalbida jo‘sh urmoqda.
– Mustaqillik bayrami arafasida qishloq va shaharlarimizda yangi-yangi uy-joylar, korxonalar, savdo, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari foydalanishga topshirilmoqda, to‘yu tantanalar bo‘lib o‘tmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyat bo‘limi raisi O‘ktamjon Oxunov. – Bu xalqimizning turmush sharoitlari va farovonligini oshirishga, eng muhimi, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Tinch, farovon, hayotidan rozi bo‘lib yashayotgan xalqimizning ma’naviy hayoti ham yanada go‘zal bo‘lishiga aslo shubha yo‘q.
“Demokratiya”, “fikr erkinligi”, “ochiqlik” tamoyillarini niqob qilib, xalqimiz ming yillar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab kelgan qadriyatlarimizni buzishga, hayotimizni ichidan qo‘porishga urinishlar, tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotini yanada kuchaytirish muhim vazifalardan biridir. Olib borilayotgan targ‘ibot ishlari yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik, milliy birlik, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qilsin.
Muxtasar aytganda, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar samarasida mustaqilligimizning mustahkam ustunlaridan biri – xalqimiz ma’naviyati boyib, yuksalmoqda. Ma’naviyati yuksak xalqimizning, ozod va obod Vatanimizning kelajagi esa porloqdir.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari