Ma’naviyat masalasi doim dolzarb
Mustaqillik yillarida ma’naviy taraqqiyotga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi amaliy ishlar, ayniqsa keyingi yillarda yanada jadallashdi.
Sohani takomillashtirish maqsadida so‘nggi besh yilda ma’naviyat va ma’rifat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha 10 dan ortiq qonun hujjati, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni va 4 ta qarori, 1 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qaror va 5 ta farmoyishi qabul qilindi. Shuningdek, ma’naviy tarbiyani tizimlashtirishga oid konsepsiya ishlab chiqib, amaliyotga joriy etilmoqda. Hududlarning ijtimoiy-ma’naviy xaritasini yaratishga kirishildi.
Yilma-yil tahlil qilsak, Prezidentimizning 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori bilan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlari birlashtirilib, ularning negizida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashkil etilgan. Bu tashkilotlar ilmiy-amaliy tadqiqotlar ishlab chiqqan bo‘lsa, ikkinchisi mazkur tadqiqotlarni targ‘ib etish bilan shug‘ullanib kelgan edi. Ularning maqsadi bir, ya’ni milliy g‘oya va mafkura masalasi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni, bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, ularni aholining turli qatlamlariga bo‘lgan ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimiz, hayot tarzimizga zid va zararli g‘oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish, yoshlar o‘rtasida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama olib borishga yo‘naltirilgan suhbat va uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishdan iborat edi.
Mazkur qaror asosida markaz rahbarining maqomi – vazir, rahbar o‘rinbosarlari maqomi esa vazir o‘rinbosarlariga tenglashtirilgani bu sohaning mavqeini oshirishga oid yangilik bo‘ldi. Tizimning hududiy bo‘lim va bo‘linmalarini byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish masalasi yillar davomida muammo bo‘lib, uning yechimi yo‘lga qo‘yilgani, markaz va uning tasarrufidagi tashkilotlarni joylashtirish uchun alohida bino ajratilgani katta o‘zgarish bo‘ldi.
Markaz huzurida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tashkil etilib, unda aholi ongiga ta’sir ko‘rsata oladigan yetuk targ‘ibotchilar bir joyga jamlandi. Hozirda ushbu jamiyat juda katta “targ‘ibot mashinasi” desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Mazkur guruh bugungi kunda barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni targ‘ib etishga harakat qilmoqda. Targ‘ibotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirilayotgani ham tahsinga loyiq.
bugungi kunda markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligidagi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining ijro organi hisoblanishi bilan birga, rahbarlarning ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishida boshchilik qilayotgani ham targ‘ibot ishlarining tashkil etilishiga katta burilish yasadi. Ayniqsa, joylarda hudud rahbarlari sohani rivojlantirishga mas’ul etib belgilanishi muammolarga jiddiylik bilan yondashishni ko‘rsatmoqda.
Bu ishlarning davomi sifatida 2019 yil 3 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” va “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitning holatini aniqlash va manzilli sog‘lomlashtirish” metodikasi loyihasi yaratildi. Mazkur konsepsiya asosida oilada, shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida farzand tarbiyasining uzluksizligini ta’minlash tizimi ishlab chiqildi. Ya’ni, bola tug‘ilmasidan boshlab 25 yoshgacha vaqt davomida uning ma’naviyatini, yoshiga mos ko‘nikma va malakalar, kompetensiyalarini kutilayotgan aniq darajasini kafolatli ta’minlashning ilmiy asoslangan dasturiy-metodik ta’minotini tashkil etishdan iborat. Ushbu vazifalarni amalga oshirishga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida esa markaz huzurida “Ma’naviy tarbiya” jamoatchilik kengashi tashkil etildi.
Joriy etilayotgan tizimli yondashuvda ijtimoiy malakalarni shakllantirish oldindan loyihalashtiriladi va tarbiyaviy natijalarga erishish kafolatlanadi. Shu bois uzluksiz ma’naviy ta’limda ijtimoiy malakalarni tarbiyalashda pedagogik texnologiyalarni qo‘llash – innovatsion talablardan biriga aylandi. Uzluksiz ma’naviy tarbiya tizimi oila, maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yoshlarni bosqichma-bosqich, uzluksiz ma’naviy tarbiyalash natijadorligini kafolatlashga doir pedagogik operatsiyalar, vositalar, metodlar zanjiridir. Prezidentimiz dunyo mintaqalaridagi qonli to‘qnashuv va nizolarga to‘xtalib, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirishimiz shartligini, bu kurashning oddiy, har birimiz amal qila oladigan yo‘llarini ham ko‘rsatib berdi. Demak, tarbiya masalasi kun tartibimizda doim bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Umumta’lim maktablarida “Tarbiya” fanining joriy etilishi ham shundan, aslida. Maqsad yoshlar ma’naviyatini boyitish, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini shakllantirish, ularning ong va xulqlarini bunyodkor, ezgu ishlarga yo‘naltirishdan iboratdir.
Joriy yilning 19 yanvarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishdagi “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” mavzuidagi ma’ruzasi ma’naviyat va ma’rifat sohasi uchun katta ijobiy burilish bo‘ldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, sohada ilmiy yondashuvni keng joriy etish, ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Shu asosda barcha tizimlarda Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari tashkil etildi. Vazirlik, idora va tashkilotlarning 2021 yil uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, amaliyotda joriy etilmoqda.
Oliy ta’lim tizimida 2021 yil 1 apreldan boshlab talabalar soni va idoraviy bo‘ysinuvidan qat’i nazar, barcha oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar ishlari bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etildi. Shu bilan birga oliy ta’lim muassasalarida turli tanlovlar qayta ko‘rib chiqilib, yangi-yangi loyihalar tayyorlanib, amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. Ko‘rik-tanlovlar yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tahlil qilinmoqda. Avvallari faqat madaniyat, san’at va sport yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlar joriy etilgan bo‘lsa, endilikda har bir ta’lim muassasasini ixtisoslashgan yo‘nalishlarini rivojlantirishga oid maxsus tanlovlar rejalashtirilmoqda. Shuningdek, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik kabi holatlarga barham berish, yoshlar o‘rtasida xuquqbuzarlikning barvaqt oldini olish maqsadida hududlardagi ta’lim muassasalaridan tarbiyasi og‘ir bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan el-yurt hurmatiga sazovor, faxriy avlod vakillari ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi” loyihasi, “Bir mahallaga bir ziyoli ma’naviy homiy”, “Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyillari asosida professor-o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ijtimoiy faol nuroniylarni jalb qilgan holda “mahallabay” ishlash tizimi yaratildi. bugungi kunda har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha alohida “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, muassasalar ijrosini ta’minlamoqda.
Masalan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi mahalla yoshlari o‘rtasida sportning barcha turlari, chet tillarini o‘rgatishga qaratilgan bepul to‘garaklar, kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha bepul kurslar hamda boshqa kasblar bo‘yicha ham o‘quvlar tashkil etilmoqda. Aholi orasida oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan psixologik treninglar tashkil etildi. Yoshi ulug‘ professor-o‘qituvchilar ishtirokida mahalla yoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu bir tomondan yoshlarga ziyolilar misolida ibrat ko‘rsatilsa, ikkinchi tomondan jamiyatda nuroniylarning ijtimoiy faolligi oshishiga turtki bo‘lmoqda.
Bugun har bir umumta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilib, unga shoir, yozuvchi va jurnalistlarni jalb qilish yo‘lga qo‘yildi. Maqsad, ijodkorlarni yoshlar bilan yaqinlashtirish hamda ularning ijodkorlik qobiliyatini yuksaltirishga erishishdir.
Joriy yildan boshlab ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni namunali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Eng namunali tuman”, “Eng namunali vazirlik” tanlovlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar va mafkuraviy jarayonlar ma’naviy-ma’rifiy ishlar faqat targ‘ibot-tashviqot bilan chegaralanib qolmasdan, bu sohaga ilmiy yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2021 yilda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi.
Ha, bugun ma’naviyat chindan ham yanada qadrlanayotir. Bu yo‘lda barchaning mas’ulligi kuchaytirilmoqda. Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lib, uning joni va ruhi ma’naviyat ekanligi keng ommaga qayta-qayta singdirilmoqda. Zero, moddiyat va ma’naviyatning teng ko‘rilishi ongimiz hamda qalbimizga mustahkam o‘rnashishi zarur
Munira QAHHOROVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bo‘lim boshlig‘i.