Ma’naviyat ishlari zamon talablariga hamohangmi?
Prezidentimiz raisligida 2023 yilning 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat sohasidagi barcha ishlarni bugungi murakkab davr talabiga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yish muhimligi alohida ta’kidlangan edi.
Videoselektordan so‘ng Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘z faoliyatini qanday olib bormoqda?
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda markaz axborot xizmati rahbari Bahora Ahmedova Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2024 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

E’tirof etilganidek, joriy yildan boshlab Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyati takomillashtirilib, Markaz strukturasi qayta tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Markaz faoliyatining 40 foizi raqamli targ‘ibotga, 30 foizi metodik ta’minotga hamda 30 foizi an’anaviy targ‘ibot ishlariga qaratildi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida ma’naviy targ‘ibot ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish maqsadida Markaz huzurida Raqamli targ‘ibot laboratoriyasi hamda “Jalinga” interaktiv studiyasi ochildi.
Olimlar va ijodkorlar bilan birgalikda xalqimizning milliy g‘ururini yuksaltirish va vatanparvarlik xissini oshirishga oid media mahsulotlar, video darslar, metodik qo‘llanmalar, podkastlar, mualliflik ko‘rsatuvlari, rilslar, audio va videoroliklar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, ma’naviy targ‘ibot ishlari ko‘lami va mazmunini oshirish bo‘yicha Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiya agentligi bilan Markaz o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Yurtimiz bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi 31 482 nafar ma’naviyat sohasi vakillari tarkibi shakllantirildi va ular faoliyatini tizimli monitoring qilish maqsadida “KPI.UZ” raqamli platforma loyihasi ishlab chiqildi.
Jamiyatda ijtimoiy faol fuqaroni shakllantirishga ko‘maklashish maqsadida “Ijtimoiy faol fuqaroni shakllantirish” konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Aholining turli qatlami bilan ma’naviy tarbiya ishlarini tizimli tashkil qilish maqsadida 3 ta yosh toifasidagi mavjud vaziyat tahlil qilindi.
Katta yoshdagi avlod vakillari hamda o‘rta yoshdagi avlod vakillariga nisbatan kichik yoshdagi avlod vakillari 73 foiz vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflashi aniqlandi.
Markaz o‘z faoliyatini shu yoshdagi raqamli avlod vakillari bilan tizimli ishlashga qaratib, bu bo‘yicha alohida targ‘ibotning zamonaviy texnologiyalari joriy etilayapti. Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentdagi media mahsulotlar keng targ‘ib qilinishiga e’tibor qaratilmoqda.
Markaz hamda Milliy gvardiya o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, 2000 nafar psixologni o‘qitish, yoshlarda axloqiy fazilatlarni shakllantirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi hamda qo‘shma qaror tasdiqlandi.
Haftaning har juma kuni vazirlik va idoralar hamda hududiy hokimliklar uchun “Siyosiy-ma’rifat soati” yo‘lga qo‘yildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda 14 ta hududdagi 14 ming 200 nafar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari uchun seminar-treninglar o‘tkazildi.
Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, ma’naviy va vatanparvarlik tarbiyasini oshirish bo‘yicha davlat va nodavlat oliy va professional ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbarlari uchun 5 kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Yana bir yangilik. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar uchun oyma-oy o‘tkaziladigan tadbirlarning yillik taqvim rejasi ishlab chiqildi.
Soha rivojida xalqaro ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish muhim sanaladi. Shuni inobatga olib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi delegatsiyasining Yaponiyaga xizmat safari tashkillashtirildi va ilmiy safar bo‘yicha mamlakatimizda axloqiy tarbiya va ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash borasida takliflar, loyihalar ishlab chiqildi.
Surxondaryo viloyatida tajriba-sinov asosida “Ma’naviyat sektori” tashkil etildi. Bu borada Termiz shahrida “Ma’naviyat sektori” faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika ilmiy-amaliy seminari o‘tkazildi.
Hududlarda “Ma’naviy himoya” loyihasi joriy etilib, “qizil” toifaga tushgan mahallalar va ijtimoiy-ma’naviy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash tizimi yaratildi.
Poytaxtimizning Olmazor tumanida migratsiya dinamikasi so‘nggi paytlarda sezilarli ortib ketganligi, shuningdek, tumanning qator mahallalarida ijtimoiy-ma’naviy muhit og‘irligi sababli “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish maqsadida dolzarb 60 kunga mo‘ljallangan “yo‘l xarita” si ishlab chiqildi.
“Haj” ziyoratida ishtirok etib qaytgan 15 ming nafar o‘zbekistonlik hojilar bilan birgalikda yoshlar tarbiyasida Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, shukronalik, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, muqaddas Islom dinining insonparvarlik g‘oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Ma’naviyat sohasi vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish har jihatdan muhim. Shundan kelib chiqib, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi yozgi oromgohda Markazning 170 nafar hududiy bo‘lim va bo‘linma rahbarlari uchun respublika o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan mamlakatimiz bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” tadbirlarini ko‘tarinki ruhda tashkil etish bo‘yicha reja-jadval tasdiqlandi va tadbirlarga san’at va madaniyat sohasi vakillari, olimlar, ziyolilar, shoir-yozuvchilar, kino aktyorlar va nuroniy hojilar jalb etildi.
Shuningdek, “Turkiston” san’at saroyida 6 mingdan ziyod harbiylar va yoshlar ishtirokida “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.
“Madaniyat va ma’rifat” va “O‘zbekiston tarixi” telekanallari orqali ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotlarni kengaytirish, telekanallar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
N.Usmonova,
O‘zA