Ma’muriy sudda ish qo‘zg‘atish tartibi
Ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishning protsessual tartibini belgilash, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishning zamonaviy tartib-taomillarini joriy etishga qaratilgan “Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risida”gi Kodeksi 2018 yil 25 yanvardan amaliyotga tatbiq etila boshladi.
Mazkur kodeksning ma’muriy ish qo‘zg‘atish qismi alohida 16-bob qilib belgilangan bo‘lib, unda ish qo‘zg‘atish asoslari, arizaning (shikoyatning) shakli va mazmuni, arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilinadigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuborish, arizaga (shikoyatga) ilova qilinadigan hujjatlar, arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish, arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, arizani (shikoyatni) qaytarish, ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini o‘zgartirish, ariza (shikoyat)dan voz kechish, ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini o‘zgartirish, ariza (shikoyat)dan voz kechish ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish va talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish tartibi belgilangan.
MSIYUtKning 40-moddasida, o‘zlarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida talab taqdim etayotgan yoki manfaatlarini ko‘zlab talab taqdim etilgan fuqarolar va yuridik shaxslar arizachilar hisoblanadi.
Sud manfaatdor shaxslarning, prokurorning, davlat organlari va boshqa shaxslar yuridik shaxslar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonun bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda, shu davlat organlarining va boshqa shaxslarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi.
Sudga ariza berishda alohida tartib o‘rnatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ariza (shikoyat) sudga yozma shaklda berilishi, u arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanishi, arizada (shikoyatda) ariza (shikoyat) berilayotgan sudning nomi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, arz qilingan talablarga asos bo‘lgan holatlar (agar ular mavjud bo‘lsa), arz qilingan talablarning asoslarini tasdiqlovchi dalillar, arizachining qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, talab bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati ko‘rsatilishi lozim.
Shu bilan birga, arizada (shikoyatda) arizachining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi, arizada (shikoyatda), agar nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun zarur bo‘lsa, boshqa ma’lumotlar, shuningdek arizachidagi mavjud bo‘lgan iltimosnomalar ko‘rsatilishi mumkin.
Shuningdek, arizachi o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talabni, agar ular ma’muriy sudga taalluqli bo‘lsa, bitta arizaga (shikoyatga) birlashtirishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan.
Arizachi ariza (shikoyat) berayotganda javobgarga va uchinchi shaxslarga arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan, ularda bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuborishi shart, chunki taraflar sudda aynan qanday nizoli ish ko‘rilishidan xabardor bo‘lishi kerak.
Sudga topshirilayotgan arizaga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini, agar bu ushbu toifadagi ishlar uchun qonunda nazarda tutilgan bo‘lsa, belgilangan tartibda va miqdorda pochta xarajatlari to‘langanligini, arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga yuborilganligini, arz qilingan talablarga asos bo‘lgan holatlarni, arizani (shikoyatni) imzolash vakolatini, agar u vakil tomonidan imzolangan bo‘lsa tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Agar Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sudya arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi, qabul qilishni rad etish yoxud qaytarish haqidagi masalani ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yakka tartibda hal qiladi.
Bunda besh kunlik muddat arizachi tomonidan arizani sudga kelib tushib, kirim qilinib, sudyaga taqsimlangan kundan boshlab hisoblanadi.
Sudya tomonidan ariza yakka tartibda ko‘rib chiqib, arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqaradi, uning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgandan keyingi kundan kechiktirmasdan yuboriladi.
Agar sudya belgilangan tartibda, Kodeksda nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda berilgan arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishi va ish qo‘zg‘atishi shart.
Shuningdek, sudya ushbu MSIYUtK 130-moddasi birinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan arizani, agar arizaga davlat bojini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi yoki arizachida mavjud bo‘lmagan dalillarni talab qilib olish haqidagi iltimosnomalar ilova qilingan hamda bu iltimosnomalar qanoatlantirilgan bo‘lsa, ish yuritishga qabul qilishga va ish qo‘zg‘atishga haqli.
Sudya tomonidan ish ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmasa, ma’muriy sudning ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimi mavjud bo‘lsa, sudning ish yuritishida ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa rad etadi. Sudyaning arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin, ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, arizaning (shikoyatning) ushbu Kodeksning 128-moddasida belgilangan shakli va mazmuniga rioya qilinmagan bo‘lsa, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talab birlashtirilgan bo‘lib, ularning ayrimlari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lsa, ariza (shikoyat) imzolanmagan bo‘lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ism-sharifining bosh harflari ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa, ish mazkur sudning sudloviga tegishli bo‘lmasa, javobgar va uchinchi shaxslarga arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmagan bo‘lsa, davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo‘lsa,) bitta arizada (shikoyatda) bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan o‘zaro bog‘lanmagan bir nechta talab birlashtirilgan bo‘lsa, arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilguniga qadar arizani (shikoyatni) qaytarib olish to‘g‘risida arizachidan ariza kelib tushgan bo‘lsa sudya arizani (shikoyatni) va unga ilova qilingan hujjatlarni ajrim bilan qaytaradi.
Mazkur arizani (shikoyatni) qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
Shuningdek, arizaning (shikoyatning) qaytarilishi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin sudga takroran umumiy tartibda murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxs ariza (shikoyat) yuzasidan arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan yozma fikrini ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yozma fikrning hamda ularda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillarni ish ko‘riladigan kungacha yetib borishini ta’minlaydigan muddatda sudga yuborishga haqli.
Ariza (shikoyat) yuzasidan yozma fikrda ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining turgan joyi (pochta manzili), telefonlari, fakslari raqamlari, elektron pochta manzili (agar ular mavjud bo‘lsa) ko‘rsatiladi.
Ariza (shikoyat) bo‘yicha yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ish yuritishga doir vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
Bundan tashqari, arizachi ishni birinchi instansiya sudida ko‘rish chog‘ida ishning mazmunan ko‘rilishi yakuni bo‘yicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini o‘zgartirishga haqli.
Arizachi ishni har qanday instansiya sudida ko‘rishda ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar ariza (shikoyat)dan to‘liq yoki qisman voz kechishga haqliligi belgilangan.
Shu bilan birga, sud ariza (shikoyat)ning asosi va predmeti bir vaqtda o‘zgartirilishini qabul qilmaydi, sud, shuningdek ariza (shikoyat)dan voz kechishni, agar bu qonunchilikka zid bo‘lsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa, qabul qilmaydi. Bunday hollarda sud ishni mazmunan ko‘radi.
Ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini o‘zgartirishni, arizachining ariza (shikoyat)dan to‘liq yoki qisman voz kechishini qabul qilish haqida yoxud qabul qilishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Birinchi instansiya sudi ayni bir shaxslar ishtirok etuvchi bir turdagi bir nechta ishni bitta ish yuritishga birlashtirishga haqli.
Ishlarni birlashtirishga sudning ish ko‘rish yakuni bo‘yicha hujjati qabul qilinguniga qadar yo‘l qo‘yiladi. Ishlar birlashtirilganda ular bo‘yicha ish ko‘rish muddati keyinroq tayinlangan ish bo‘yicha belgilanadi.
Sudya tomonidan ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Agar sud talablarni ajratib ko‘rishni maqsadga muvofiq deb topsa, u bir yoki bir nechta birlashtirilgan talabni alohida ish yuritishga ajratishga haqli bo‘lib, bunda talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratishga ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar yoki uni qabul qilish bilan bir vaqtda yo‘l qo‘yiladi va talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.Ajratilgan talab bo‘yicha ish ko‘rish muddati ajrim chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida shuni qayd qilish joizki, sudga murojaat qiluvchi fuqarolar va yuridik shaxslar ya’ni, arizachilar tomonidan ma’muriy sud ishini qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladigan qonun talablariga amal qilgan holda ariza taqdim qilishlari, o‘z navbatida ularni ortiqcha vaqt va sarf-xarajatlarni oldini oladi hamda arizalarni o‘z vaqtida va muddatida ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.
Temur Yusupov, Urganch
tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi