Mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Sharqiy harbiy okrugida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga start berildi.
Joylarda harbiy okrug qo‘mondonligi, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari hamda kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostidagi tadbirlar Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlari bo‘ylab tashkil etilib, milliy armiyamizning salohiyati, tarixini o‘rganish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
[gallery-21094]
Xususan, harbiy okrugning Farg‘ona va Namangan garnizonlaridagi harbiy qismdan yo‘lga chiqqan harbiy-vatanparvarlik karvonlari umumta’lim maktablari, odamlar gavjum maydonlarda bo‘ldi. Harbiy orkestr va faxriy qorovul chiqishlari yurtdoshlarimiz tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.
Karvonlarning navbatdagi manzili Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 24-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar bilan milliy armiyamizdagi islohotlar, harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida mazmunli va samimiy muloqot o‘tkazildi. Tadbirning badiiy qismida ona Vatan, tinchlikni hamda ezgulikni madh etuvchi taronalar yangradi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA