Mamlakat manfaatidan global muammolar yechimiga
Avvalo davlatimiz rahbarining nutqidagi bugun butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha bildirgan fikrlari, oʻrtaga tashlagan takliflari xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini tortdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh Assambleyaning 75-sessiyadagi oʻzbek tilidagi nutqi, shubhasiz, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat doirasidagi obroʻ-eʼtiborini yangi pogʻonaga koʻtardi. Nutqni nafaqat yurtimiz balki, dunyoning boshqa mamlakatlaridagi siyosatshunoslar, ilm ahli, oddiy odamlar ham munosabat bildirib qoʻllab-quvvatlamoqda. Nutqda mamlakatimiz manfaatlariga aloqador masalalardan tortib global muammolar yechimiga oid qator konstruktiv taklif va tashbbuslar ilgari surildi.
Avvalo davlatimiz rahbarining nutqidagi bugun butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha bildirgan fikrlari, oʻrtaga tashlagan takliflari xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini tortdi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Prezidentining pandemiyaga qarshi kurashda BMT shafeligida “Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks”ni ishlab chiqish taklifi kelgusida bunday ofatlarga qarshi kurashda barcha davlatlarning bunday ofatlardan himoya qilishdagi masʼuliyatini oshiradi va birgalikda harakat qilishiga huquqiy asos yaratadi. Bu tashabbusning xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi butun insoniyat manfaatlariga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda bolalar mehnatiga, majburiy mehnatga barham berilgani, inson huquqlarini taʼminlash, gender tengligi va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, eʼtiqod erkinligi va korupsiyaga qarshi kurash haqida bildirgan fikrlari bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin maʼqullanayotir. Shu oʻrinda mamlakatimizda xotin-qizlarga boʻlgan munosabat keskin oʻrgargani, bugun hayotimizga “Gender tenglik”tushunchasining kirib kelgani va amaliyotga joriy qilingani jamiyatimizning katta yutugʻi boʻldi.
Buning natijasini keyingi yillarda davlat boshqaruv organlarida ayollarning koʻrsatgichi oshganida koʻrib turibmiz. Davlat statistika maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilda korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning 42,1 foizi ayollar va 57,9 foizini erkaklar tashkil etgan. Mamlakatimizda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tashkil etilishi bilan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimidagi ishlar yana-da takomillashdi.
Prezidentimiz nutqida dunyo hamjamiyatini oʻylantirayotayotgan yana bir muhim masala – qashshoqlikka qarshi kurash masalasiga katta eʼtibor qaratdi. Bugun xalqimiz, dunyo hamjamiyati mamlakatimiz tarixida birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha alohida vazirlik tuzilib, muhtoj oilalarga daromad manbaini yaratish, ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish, turli shaklda subsidiyalar berish, yangi ish oʻrinlari yaratilishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor.
Masalaning muhim jihati, bu yoʻnalishdagi ishlar davlatimiz tomonidan izchil davom ettirilmoqda. Prezidentimizning yaqinda qabul qilgan qarori bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” joriy etilmoqda. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ikki barobar koʻpayib, joriy yil oxiriga qadar 1 million 200 ming, 2021-yilda esa 1 million 500 minggacha yetkazilishi belgilangan.
Kelasi yil 1-yanvardan boshlab kam taʼminlangan oila maqomini olish uchun hozirgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod maʼlumotlar talab etilmaydi, 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlarni oson taqdim etish choralari koʻriladi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu ishlar davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurash masalasini asosiy mavzulardan biri sifati kiritish haqida bildirgan taklifi bilan hamohang ekanligi ayniqsa eʼtiborga molikdir.
Ayni kunlarda mahalla va oilalarda, jamoat joylarida aholining turli toifalari tomonidan mamlakatimiz rahbarining BMT sessiyasida soʻzlagan nutqi qizgʻin muhokama boʻlayotir. Bu jarayonning diqqatga sazavor tomoni – odamlar bu masalaga juda katta qiziqish bilan munosabat birldirayotganidir. Demak, odamlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan takliflar har bir yurt taqdiriga, xalqimiz kelajagiga xizmat qilishiga ishonmoqda.
Nazara MUXTOROVA,
Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari,
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi,
Senator