Mamirovlar oilasi – ko‘rik-tanlov g‘olibi
Joriy yilning 13 may kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Energetiklar” sitahgohida “Oila – muqaddas dargoh” forumi va “Yangi O‘zbekistonning ibratli gidroenergetiklar oilasi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda tizimdagi tashkilotlardan 14 oila a’zolari uch shart bo‘yicha o‘z imkoniyatini sinab ko‘rdi.


Ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ko‘rik-tanlovning tashkil etilishi ham bu borada belgilangan vazifalardan biridir.
–Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida jamiyatimiz tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan,–dedi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Surayyo Po‘latova. – Jamiyatning 2022 yil 15 fevraldagi tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu tanlov o‘tkazildi.


Maqsad esa mamlakatimizda umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etishda jamiyatimizdagi ibratli oilalarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan. Ularning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, Vatanga muhabbat, ezgulik, rahmdillik, halollik, mehnatsevarlik va fidoyilik singari xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, 15 may – Xalqaro oila kuni ham O‘zbekistonda ham keng nishonlash an’naga aylanmoqda. Bundan ko‘rinadiki, ibratli oilalar butun dunyoda qadrlanadi va sharaflanadi. Tanlovda qatnashgan 14 oila a’zolarining barcha shartlarga puxta tayyorgarligi hay’at a’zolari tomonidan yuqori baholandi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin "Shahrixon GESlar kaskadi" unitar korxonasidan Mamirovlar oilasiga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga "Andijon GES" unitar korxonasidan Ergashevlar oilasi va "O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi" unitar korxonasidan Unarovlar oilasi sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, 6 ta jamoa o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida g‘oliblikni “Intellekt” jamoasiga qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga jamiyat tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA