Mamadali Topvoldiyev memorial muzeyi ochildi
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyati Rishton tumani "Zohidon" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Rishtonning qahramon o‘g‘loni Mamadali Topvoldiyev xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning memorial muzeyi foydalanishga topshirildi.
Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, Belarussiyadan kelgan mehmonlar, uning oila-a’zolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Mamadali Topvoldiyevning buyuk qahramonliklarini faxr bilan qayd etdi. Jahondagi bugungi murakkab sharoitda yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik har qachongidan ko‘ra muhimligiga ham e’tibor qaratdi.
Mamadali Topvoldiyev 1938 yilda urushga borib, Belorussiya hududidagi janglarda katta qahramonliklar ko‘rsatib, fashistlarni larzaga keltirgan, g‘alaba uchun o‘z hissasini qo‘shgan. Uni "Kazbek" deb nomlashgan. Shu nomni eshitgan har qanday dushmanning oyog‘i qaltiragan.
Belorus xalqi ham Mamadali Topvoldiyevni yaxshi ko‘radi va u kishini nomini abadiylashtirish maqsadida jang bo‘lgan qishloqlarga nomini berib, e’zozlab keladi. “O‘zbekfilm” hamda “Belarusfilm” Milliy kinostudiyasi o‘rtasida hamkorlikda “Osiyo arsloni” nomli filmni viloyatimizda suratga olish ishlari ham boshlab yuborildi. Tadbirda “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiy hamda filmda rol olgan ijodkorlar ishtirok etishdi. Belorusliklar nomidan Mamadali Topvoldiyev timsolida o‘zbek xalqiga minnatdorchilik bildirgan Vladimir Karachevskiy, “Biz, Belorus xalqiga tinch hayotni baxsh etganlarni hech qachon unutmaymiz” deb ta’kidladi. Bosh rolni Ulug‘bek Qodirov ijro etayotgan Mamadali Topvoldiyev haqidagi biografik drama O‘zbekistonda va Belorusda suratga olinadi va kelgusi yil 9 mayda premerasi bo‘lib o‘tadi.
Nuroniylar ishtirokida ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari muzey faoliyati bilan tanishdilar.
Mamadali Topvoldiyevning muzeyida uning orden, medallari, faxriy yorliqlar, ro‘zg‘or buyumlari, yozishmalari, shaxsiy kiyimlari, qurollar, urush haqidagi adabiyotlar jamlangan.
Muzey qurilishi uchun viloyat mahalliy byudjetidan 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
[gallery-7005]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA