Ma’lumotnoma so‘rash amaliyoti tarixga aylanadi
Chunki endi qog‘ozdagi hujjatlar emas, elektron tizimlarda raqamlashgan hujjatlar harakatlanadi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan fuqarolardan turli ma’lumotnomalar so‘rash amaliyotiga chek qo‘yilmoqda.
– Farmon bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholi, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlaridan turli ma’lumotnoma so‘rash bekor qilinmoqda, – deydi Davlat xizmatlari agentligi direktorining o‘rinbosari No‘’mon Muhammadiyev. – Bular turli dispanserlar hisobida turish yoki turmaslik haqidagi, sudlanganlik, manzil-ma’lumot axboroti, soliq qarzi, nikoh haqidagi va boshqalardir.
Davlat xizmatlari agentligi tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda aholi yuqoridagi turdagi ma’lumotnoma-hujjatlarni olish uchun turli idoralarga 1,5 milliondan ortiq murojaat qilgan. Mazkur hujjatlarni olish bo‘yicha belgilangan to‘lovlarni olish bo‘yicha esa qariyb 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.
Yangi tartib asosida zarur ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlanadi.
Turli ma’lumotnoma (spravkalar) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan aholidan talab qilinishi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish, deb hisoblanadi.
2021 yil 1 iyundan boshlab fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi.
Tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti ham bekor qilinadi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.
Aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularning ixtiyoriga asosan 28 turdagi davlat xizmati natijalari pochta aloqasi orqali yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Farmon bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish hamda fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga o‘tiladi.
Bunda, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini berish va fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi. Bu bilan, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi.
Mazkur yangi tartib asosida jismoniy shaxslar tomonidan alohida-alohida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish hamda fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha murojaat qilishning oldi olinadi.
2020 yilda mazkur ikki xizmatdan foydalanish bo‘yicha fuqarolar 800 mingga yaqin murojaat qilgan.
Davlat xizmatlarini elektronlashtirish, ulardan raqamli formatda tezkor tarzda foydalanishga yo‘l ochadi.
2021 yil 1 iyundan boshlab Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi. Davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Shu vaqtga qadar ushbu tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi mavjud emas edi yoki bu jarayon elektronlashtirilmagandi.
FHDYO sohasida tezkor ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Farmon bilan ichki ishlar, mudofaa, tashqi ishlar, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat personallashtirish markazi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi 2021 yil 1 mayga qadar o‘zlarining axborot tizimlarini “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga integratsiya qilishni ta’minlaydi va ma’lumotlar faqat elektron almashinuv asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonda talaba-o‘quvchilar uchun yengilliklar ham nazarda tutilgan. Ya’ni, ta’lim muassasalari tomonidan o‘quvchi-talabalar ta’lim muassasasini tugatganda yoki ko‘chirganda ta’lim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki o‘zaro axborot almashinuvi yo‘li bilan olish evaziga o‘quvchi-talabalardan talab qilish bekor qilinadi.
Shu vaqtga qadar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda Prezidentimizning mazkur farmoni asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish “Hujjatlar emas, raqamlar harakatlanadi” tamoyili asosida bajarishga o‘tiladi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA