Malika Nasriddinova ikki rekordni yangiladi
Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan yopiq inshootlardagi O‘zbekiston chempionati keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tmoqda.
Musobaqaning ilk kunida yadro uloqtirish bahslarida Malika Nasriddinova 16.33 natija bilan qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarida Rashidbek Sodiqov 16.01 natija qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, Malika Nasriddinova yopiq inshootlarda yadro uloqtirish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida 16,33 natija ko‘rsatib, O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi. U bu natija orqali 39 yil oldin Monika Andris tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Monika 1984 yil 11 fevralda Leningrad shahrida Butunittifoq musobaqalarida 15,67 natijani ko‘rsatgan edi.
Shuningdek, Malika 2006 yil 3 iyunda Bishkekda Oksana Kotga tegishli bo‘lgan ochiq maydondagi o‘smirlar o‘rtasidagi mutlaq rekordni ham yangiladi. O‘shanda Oksana 16,24 natija qayd etgan edi.
Javohir TOSHXO‘JAEV,
O‘zA muxbiri