Maland qishlogʻidagi sirli gʻor
Maland – Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi olis va betakror manzaralarga boy qishloqlardan biri.
Maland – Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi olis va betakror manzaralarga boy qishloqlardan biri.
Tuman markazidan 70 chaqirimcha uzoqlik va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda joylashgan.
Atrofi osmonoʻpar togʻlar bilan oʻralgan qishloq odamlari dilkash, mehmondoʻst, ishanuvchan va ochiqkoʻngil. Xarakterida aksariyat togʻliklarga xos ozgina toʻporilik, qatiyatlilik va qaysarlik ham bor. Salomatligu-halol mehnatni ulugʻ neʼmat, musaffo osmonni bebaho boylik, lafzi halollikni yuksak fazilat, deb biladi, malandliklar. Shu yerlik keksalarning aytishicha, qishloq besh asrlik tarixga ega.
Sariosiyoda boʻlganimda hamsuhbatlarimdan biri bu qishloq insonlari, tabiati haqida gapirib, togʻu-bogʻlarini taʼriflab bergan edi. Oʻshanda fursat topib, Malandga kelish, baland togʻlar qoʻynida toʻyib nafas olish va zilol buloq suvlaridan ichib, odamlari bilan dildan suhbat qurishni koʻnglimga tukkan edim. Yaqinda, aniqrogʻi, oltin kuz eshik qoqa boshlagan dam olish kunlarimizdan birini shu qishloqda oʻtkazdik. Safarimiz taassurotlarga boy boʻlganidanmi, togʻning toza havosi, turli shifobaxsh giyohlar ifori, yo muzdek buloq suvlaridanmi ishqilib, tanamiz yengil, ruhiyatimiz yana-da tetik boʻlib qaytdik. Termizning tandirdek issiq taftini unutgandek boʻldik.
Maland bu – baland, degan maʼnoni anglatadi. Aslida ham togʻ qiyalab, tepalikka koʻtarilayotgan yoʻldan olis qishloqqa nazar tashlasangiz, imoratlar osmonoʻpar togʻ choʻqqilariga tutashib ketgandek tuyuladi. Toʻpalang suv omboriga yaqinlashib, chap tarafga burilishingiz bilan toqqa oʻrlaydigan aylanma toshloq yoʻl sizni maftun eta boshlagan ana shu qishloqqa chamasi ikki soatlarda olib boradi.
Shomga yaqin togʻ yoʻliga tirmashgan “Damas” mashinamiz tungi soat oʻnlar atrofida Malandga yetib keldi. Biz qishloqda endi tashkil etilgan “MALAND travel” GUEST HOUSE oilaviy mehmon uyiga joylashdik. Mehmon uyi sohibi Baxtovar Xolmirzayev bilan Maland va malandliklar, bu yerning tabiati, odamlarning turmush tarzi haqida suhbatlashdik. Togʻ choʻqqilaridan sekin moʻralay boshlagan oyni kuzatdik. Boʻlajak sayohatimiz yoʻnalishini belgilab oldik.
Surxondaryoning olis va togʻli hududlaridagi koʻp qishloqlarda boʻlganman. Qiziqib soʻrasangiz baʼzi hududlarda yoshlarni-ku qoʻya turing, keksalar ham oʻz qishlogʻi tarixini yaxshi bilmaydi. Avlodlari kim, bu yer qachondan qishloq sifatida shaklllangan, ular qanday kasb, hunar bilan shugʻullangan, degan savollarga juyali javob ololmaysiz. Serjilo bu goʻshada malandliklarning ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan oʻz tarixini unutmagani bizni hayratga soldi.
– Bosh bobolarimiz Samarqandning Bogʻishamol, degan joyidan koʻchib kelgan, – deydi qishloq nuroniysi, 85 yoshdagi Abdurahim bobo. – Bunga ham besh yuz ellik yildan oshibdi. Ular chorvachilik bilan shugʻullangan. Togʻ bagʻridagi qiyaliklarni oʻzlashtirib, dehqonchilik qilgan. Qarashsaki, chorva uchun ham, dehqonchilik uchun ham qulay joy. Yerlarni oʻzlashtirib, shu yerning oʻtroqi xalqi boʻlib qolgan.
Aytishlaricha, Malandda 500 ga yaqin aholi yashaydi. Ular asosan chorvachilik, asalarichilik, bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Bu qishloqdan Sariosiyo va Uzun tumanlariga koʻchib ketgan koʻplab malandliklarning ham ota-bobolari umrguzaronlik qilgan togʻ qoʻynida mevali bogʻlari bor.
Toʻrt tarafi Xisor togʻ tizmalari bilan oʻralgan sokin goʻshada odamlarning izlanuvchan va mehnatkashligiga havas bilan boqamiz. Tomarqalarga turli sabzavotlar, koʻkatlar va mevali daraxtlar oʻzgacha fayz ulashgan. Xonadonlarga kirsangiz dimoqqa togʻ yalpizi va janbul ifori uriladi.
Tomorqalarda kartoshka, pomidor, bolgar qalampiri, oshqovoq kabi mahsulotlar parvarishlanmoqda. Olma, nok hosili koʻzni qamashtiradi. Oʻtayotgan yilning erta bahoridagi sovuq taʼsirida yongʻoqlarda hosil choʻgʻi past boʻlgani shundoqqina seziladi. Qishloq boʻylab yursangiz, toshli qiyaliklarda turli oʻlchamdagi oʻnlab polietilen quvurlar koʻzga tashlanadi. Muzdekkina obi-hayotdan bir qultum simirsangiz bas, butun tanangiz yayrab, charchoqni unutasiz. Tomorqalardagi ziroatlar ham bir necha chaqirimdan polietilen quvurlar bilan olib kelingan buloq suvlarida sugʻoriladi.
– Bu quvurlarning har biri togʻ tizmalaridagi bitta chashmaga ulangan,¬ deydi yoʻlboshlovchimiz, shu qishloqdagi 78-maktabning geografiya fani oʻqituvchisi Baxtiyor Xolmirzayev.– Mustaqillik yillari polietilen quvurlar chiqqach, jonimizga ora kirdi. Buloqlardagi suvlarni qishloqqa olib keldik. Tomorqalarimizni sugʻoramiz. Istemol qilamiz. Bu masalada muammomiz yoʻq. Maktab ham qurib berishdi. 160 oʻrinli taʼlim muassasamizda 150 ga yaqin bola oʻqiydi. Zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan. Lekin, sport zalga ehtiyoj bor. Yoʻllarimiz biroz notekis. Lekin, sayyohlar uchun taʼrifiga til ojiz.
Yoʻlboshlovchimizning aytishicha, qishloqda sayyohlikning bir necha turini rivojlantirishsa boʻladi. Eko va agroturizm uchun juda qulay. Ekstremal va togʻ turizmini yoʻlga qoʻyish mumkin. Qishloq koʻchalaridan togʻ tarafga yurar ekanmiz, B. Xolmirzayev olma va nokning bir necha turi bilan tanishtirib, ularga taʼrif beradi. Yoshi ikki yuz yildan oshgan yongʻoq daraxtlarini koʻrsatadi. Yoʻl-yoʻlakay togʻ tizmalarida oʻsadigan archa, zarang singari dov-daraxtlar va urugʻi pishib qolgan turli zirovar giyohlar haqida soʻzlaydi. Hali bu yerlarning oʻrganilmagani, Ogʻalak togʻ tizmasida yirik miqdordagi koʻmir zaxirasi borligini aytadi. Mirianjik, Zerik, Farjid, Sarampast, Muridkand togʻ tizmalari bilan tanishtiradi. Baland choʻqqilardan biriga ishora qilib, uning etagidagi darada joylashgan Xoʻjaibargʻor gʻoriga taklif etadi. Qiyaliklardan asta-sekin oʻsha tarafga pastlayotganimizda gʻor haqida eshitgan rivoyatlarini gapirib beradi.
– Bir zamonlar Xoʻjaibargʻor darasida oqqan suv ana shu gʻor orqali qayergadir gʻoyib boʻlar ekan, – deydi B.Xolmirzayev. – Oʻsha davrda yashagan ajdodlarimiz suvning qayerga singib ketayotganini hech aniqlay olmagan. Shundan soʻng oqsoqollardan biri bir dona qip-qizil pishgan olmani bir tishlab, suvga tashlab yuboribdi. Tishlangan olma Xonjizaning Nilu, degan joyidagi buloqdan chiqibdi. Niluliklarda bu olmani qayerda, kim tishlab, suvga tashladi ekan, degan qiziqish paydo boʻlibdi. Shunday qilib, gurunglardan birida malandlik oqsoqol tashlagani oydinlashibdi. Koʻrayapsizlarmi, oʻtmishda ajdodlarimiz qanday zukko, aqlli boʻlgan?! Suvning gʻorga tushmayotganiga bir asrdan oshib ketgan boʻlsada, Niludagi oʻsha buloq suvi hamon sharqirab oqmoqda.
Qizgʻin suhbat bilan daraga tushib, afsonaviy gʻor yoniga kelamiz. Darada oqayotgan muzdek suv gʻorni chetlab oʻtmoqda. Daradan chamasi bir yarim metr balandlikda gʻorning kichkina tuynugi bor. Bu yerda poʻlatdan yasalgan bitta shamdon turibdi.
Malandliklarning odatiga koʻra, gʻor boshida Quryon tilovat qilingach, tuynukdan ichkariga birma-bir moʻraladik. Ichkari qop-qorongʻu. Faqat mayin shabada dimoqqa uriladi. Esdalik uchun suratga ham tushdik.
–Tuynukdan semiz, sersavlat kishi ham, ozgʻin inson ham sigʻadi, –deydi shu yerlik Jumaqul bobo Shukurov. – Tabiatning izmi bilan dara suvi gʻorga oqmay qolgach, tinib-tinchimagan ajdodlarimizda bu joy qiziqish oʻygʻotgan. Mana shu shamdonga olov yoqib ichkarisiga kirgan. Bir pasdan keyin hov tepalikdagi tuynugidan chiqib kelgan. Gʻorga kirsangiz, ichkari kengayib boradi. Havosi juda toza.
Zinapoyalardan balandga oʻrlasangiz, keng supaga chiqasiz. Aytishlaricha, shoʻrolar zamoni boshlangach, qishlogʻimiz eshonlari bolalarga shu gʻordagi supada diniy saboq bergan ekan. Gʻorga kirib, chiqishning andak qaltis tarafi bor. Rivoyatlarga koʻra, qaltisroq gunohi bor inson boʻlsa, gʻordan chiqishda siqib turar emish. Oʻsha odam shu yerga biron jonliq atasa, keyin qoʻyib yuborarmish. Bu gʻorga oʻrtoqlarimiz bilan koʻp kirib, chiqqanmiz. Biroq, ana shu rivoyatni eshitgach, ayrim kishilar gʻorga kirishga ikkilanib qoladi.
Daradan qaytib, yoʻl-yoʻlakay suhbatlashib kelar ekanmiz, Jumaqul bobo yana bir gapni aytib qoldi:
–Qishlogʻimizdan malandiy taxallusi bilan sher yozgan shoirlar bor. Afsuski, tarixchi yoki arxeolog olimlar chiqmagan. Shu boismi bu joylarning tarixi, siru-sinoatlari yozilmay qolgan. Mana shu gʻor ham mutaxassislar tomonidan hali oʻrganilmagan. Aslida bu makon sayru-sayohat ishqibozlari uchun juda mos, qiziqarli hudud.
Odatda togʻ odamlarining bagʻri, koʻngli juda ochiq, gurunglari ham samimiy boʻladi. Biz ham qishloqda koʻplab shunday insonlar bilan tanishib, suhbatlashdik. Biri qishloqdagi sharoitlar haqida gurung bersa, boshqa birovi togʻlarni va u yerdagi yovvoyi jonivorlarni taʼrifladi. Kimdir oʻzining hayoti davomida duch kelgan qiziqarli voqealarni biz bilan baham koʻrdi.
–Uzoq yillar Toʻpalang suv ombori qurilishida haydovchilik qilib, pensiyaga chiqdim, – deydi Ravzatullo Xalilov. – Hayotimda koʻp gʻaroyib hodisalarni kuzatdim. Keling, mehmon sizlarga ham ana shunday voqealardan birini aytib beray.
Adashmasam, oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxiri edi. Chexovskiy degan kishi rahbarimiz, Zaxarov va Sanginovlar u kishiga oʻrinbosar. Bahor payti. Kunlarning birida togʻda shunaqa yogʻingarchilik boʻldiki, suv omborda suv sathi kutilmaganda koʻtarilib ketdi. Koʻpchilik boʻlib dambani kuzatib turibmiz. Rahbarlarimiz kimlargadir qoʻngʻiroq qilib, suv toshqinidan ogohlantirdi. Aholini koʻchirish choralarini maslahatlashdi.
Barchamiz xayolan suv toshgach, oʻzimizni qutqarib qolish uchun qulay joy izlayapmiz. Dambadan suvning toshishiga ikki metrlar qolganda Abdugʻani Sanginov zudlik bilan bitta hisori qoʻchqor olib keltirib, dambaning boʻyiga yetaklab borishni aytdi. Qoʻchqorni keltirishgach, boʻgʻizlatib, qonini suv omborga oqizdirdi. Ne koʻz bilan qaraylikki, shiddat bilan toʻplanayotgan suv sekin chekinib, dambadan pasaya boshladi.
Shunda bu harakatlarni jimgina kuzatib turgan Chexovskiyning yuzi yorishib, “Abdugʻani senga ham, sen ibodat qiladigan diningga ham tan berdik”, deya qichqirib yubordi. Hozirgacha Sanginovning xayoliga bunday fikr qanday kelganini bilmayman. Bitta qoʻchqorni soʻydirib, suv omborda toshmoqchi boʻlgan suvni chekintirgani koʻz oldimdan ketmaydi.
Eshitishimizcha shu kishi qishlogʻimizga keladigan yoʻlni yana-da ravonlashtirib bermoqchi ekan. Agar bu ish amalga oshsa bizning Malandimiz ham eng serqatnov, turli hududlardan kelgan mehmonlar bilan gavjum qishloqlardan biriga aylanishiga ishonamiz.