Malakali mutaxassislar tayyorlashda xalqaro hamkorlik
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Italiyaning Turin politexnika universiteti Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar bo‘yicha prorektori Mikele Bonino hamda professor Fulvio Renaudoni qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida arxitektura va shaharsozlik sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ularda jahon andozalariga mos amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Farg‘ona politexnika instituti hamda Italiyaning texnika sohasidagi eng ilg‘or oliygohi – 164 yillik tarixga ega Turin politexnika universiteti o‘rtasida hozirgi kunda ikki yo‘nalishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Birinchisi, akademik ta’lim yo‘nalishida ikki diplomli qo‘shma bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish, ushbu talaba va olimlarni jalb etgan holda jamiyatdagi real loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish hamda bu orqali amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdir.

So‘nggi yillarda yurtimizning boshqa hududlari qatori Farg‘ona viloyatida ham qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lami yanada kengaymoqda. Albatta, bunda malakali arxitektorlar hamda shaharsozlik dizaynerlarini tayyorlash muhim vazifa sanaladi. Dunyoning nufuzli texnik oliygohlaridan biri bo‘lgan Turin politexnika universitetining Farg‘ona viloyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani esa quvonarlidir.

Uchrashuvda viloyat hokimi ushbu hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Arxitektura va shaharsozlik dizayni bo‘yicha Italiyaning yetakchi olimlaridan biri hisoblangan Mikele Bonino dunyodagi eng nufuzli universitetlarning professori ham hisoblanadi. 2022 yilgi Pekin qishki Olimpiya o‘yinlari uchun zamonaviy futuristik uslubda barpo etilgan Shougan Olimpiya parkining bosh arxitektori bo‘lgan.
Mikele Bonino o‘zining viloyatga tashrifi davomidagi ko‘rgan ob’ektlari borasida fikrlarini bildirib, xususan Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasini ilk barpo etilgan davrdagi shaklda tiklash bo‘yicha ko‘zda tutilayotgan restavratsiya loyihasini amalga oshirishda Farg‘ona politexnika instituti bilan birgalikda to‘laqonli ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
M.Sulaymonov, O‘zA