Malakali kadrlar mamlakat ravnaqini belgilaydi
Joriy yilning 8 avgust kuni Prezidentimiz raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ta’lim jarayonidagi uzviylikni ta’minlash va sohada mavjud muammolarni bartaraf etishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda abituriyentdan tortib, oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda mavjud muammolar tahlil qilindi.
Ushbu yig‘ilishda Buxoro davlat texnika universiteti tomonidan amalga oshirilgan ishlar alohida e’tirof etildi. Yig‘ilishda sohadagi muammolar ilmiy asosda tahlil qilinib, ustuvor yo‘nalishlar aniqlandi. Natijada qator ilmiy markazlar tashkil etildi, ta’lim infratuzilmalari zamonaviy talablar asosida yangilanmoqda.

Jumladan, Buxoro davlat texnika universitetiga viloyat hokimi tomonidan muntazam ravishda tashriflar amalga oshirilmoqda va ular doirasida universitetning ilmiy hamda innovatsion ishlanmalari hududiy tarmoqlarda samarali joriy etilmoqda.
Ma’lumki, yurtimizdagi uglevodorod xomashyosining qariyb 70 foizi Buxoro–Xiva mintaqasida joylashgan. Buxoro viloyatida 10 dan ortiq yirik neft va gaz konlari qazib olish, qayta ishlash hamda tayyor mahsulotni iste’molchilarga yetkazib berishga ixtisoslashgan holda faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 3450 ta korxonaning 193 tasi kimyo va neft-kimyo sanoatiga ixtisoslashgan bo‘lib, ular faoliyati uchun hozirda xorijdan 300 nafar malakali mutaxassis jalb etilgan. Shu bilan birga, 200 dan ortiq mahalliylashtirish talab etiladigan materiallar, butlovchi qismlar va texnologik reagentlarga ehtiyoj mavjud.
Mazkur sanoat salohiyatini hisobga olgan holda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda Buxoro davlat texnika universiteti qoshida Neft va gaz sohasiga ixtisoslashgan ilg‘or muhandislik maktabiga asos solindi. “O‘zbekneftgaz” rahbariyatining universitetga tashriflari davomida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi va bu borada amaliy ishlar izchil olib borilmoqda.

– Yurtboshimiz rahbarligida 2024 yil 31 may kuni “Gas Chemical Complex MTO Central Asia LLC” mas’uliyati cheklangan jamiyat qurilishiga start berilgani yurtimiz sanoati va ilm-fan sohasidagi muhim voqea sifatida tarixga kirdi, – deydi Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova. – Ushbu marosimda universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilaridan iborat 10 dan ortiq vakil faol ishtirok etdi. Mazkur loyiha universitet jamoasini ilmiy izlanish va amaliy tadqiqotlarni hayotga tatbiq etishga yanada ilhomlantirdi. Bugungi kunda bakalavriat va magistratura talabalarining bitiruv malakali ishlari, shuningdek, doktorantlarning dissertatsiya mavzulari aynan MTO majmuasining ishlab chiqarish jarayonlari, texnik va texnologik yechimlarini tadqiq etishga yo‘naltirilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, MTO majmuasi tashabbusi va ko‘magi bilan Buxoro davlat texnika universitetida “MTO Central Asia LLC” maxsus o‘quv-ilmiy auditoriyasi tashkil etildi. Bu auditoriya talabalar va tadqiqotchilar uchun zamonaviy texnologiyalar asosida bilim va malaka oshirish, sohaviy muammolarni o‘rganish va innovatsion yechimlar taklif etishda muhim ilmiy-intellektual maskanga aylanmoqda.
Buxoro davlat texnika universiteti bugungi kunda energetika, kimyo, neft va gaz yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Hozirda, 5384 nafar malakali bitiruvchi muhandis kadrlar yurtimiz neft va gaz korxonalarida faoliyat olib bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.