Maktablarni istishga xususiy sektor jalb qilinadi
Bu yilgi qish mavsumi aholi uchun ham, korxona va tashkilotlar uchun ham katta sinov bo‘ldi. Anomal sovuq sababli ko‘plab hududlarda energiya resurslari, issiqlik bilan ta’minlashda muammolar yuzaga keldi. Albatta, buning sabab va oqibatlari tahlil qilindi, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Birinchi navbatda mavjud tarmoqlarni yangilash va modernizatsiya qilish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda yurtimizdagi korxona va tashkilotlarda quyosh panellari o‘rnatish orqali elektr energiyasidan foydalanish keng joriy etilmoqda. Ushbu qurilmalardan foydalanayotgan sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ularga bir qator imtiyoz va yengilliklar berilyapti. Shuningdek, faqatgina tabiiy gaz yoki elektr energiyasiga bog‘lanib qolmasdan ko‘mir yonilg‘isidan foydalanishga e’tibor oshmoqda.
Prezidentimiz tomonidan shu yil 10 aprelda qabul qilingan “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida” gi qarori ham shu maqsadga qaratilgan. Qarorga ko‘ra, Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida qo‘llanilgan tajriba asosida 2023-2026 yillarda yurtimizda faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlash choralari ko‘riladi. Bu ishlar davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 5722 ta davlat ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik ta’minoti tizimlari xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinadi. Bundan tashqari, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida hamda boshqa viloyatlarning belgilangan tuman (shahar)larida davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.
Jumladan, Samarqand viloyatining olti tumanidagi 871 ta ijtimoiy soha ob’ekti isitish tizimini davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha bitimlar tuzilib, amaliy ishlarga kirishiladi.
– Dastlab, eksperiment tariqasida olti tumandagi jami 442 ta umumta’lim maktabi, 273 ta maktabgacha ta’lim, 100 ta sog‘liqni saqlash va 56 ta madaniyat, musiqa va sport muassasalari uchun tadbirkorlar bilan bitim tuziladi, – deydi Samarqand viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayev. – Jumladan, Jomboy tumanida 116 ta, Narpayda 147 ta, Toyloqda 128 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 198 ta, Samarqand tumanida 124 ta hamda Ishtixonda 158 ta muassasa yangi tizimga o‘tadi. Hozirda ijtimoiy soha muassasalari xatlovdan o‘tkazilib, ulardagi texnik nuqson va kamchiliklar aniqlanmoqda. Qarorga binoan, barcha isitish tizimi, issiq suv tarmoqlari, ko‘mirxona va pechlar ta’mirlanib tayyor holga keltirilgach, keyin tadbirkorlar ixtiyoriga beriladi.Rejaga ko‘ra, joriy yilda Jomboy tumanida 56 ta, Narpayda 70 ta umumta’lim maktabi, Toyloq tumanida 15 ta, Kattaqo‘rg‘onda 19 ta tibbiyot muassasasi, Samarqand va Ishtixon tumanlarida 11 tadan madaniyat uyi, musiqa va sport maktablarini isitish yangi tizim asosida tadbirkorlar tomonidan bajariladi. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumanida 64 ta, Samarqand tumanida 42 maktabgacha ta’lim tashkilotining isitish tizimlari davlat-xususiy sheriklik asosida yangilanib, bu boradagi muammolar bartaraf etiladi.
Shartnomaga ko‘ra, tadbirkorlar ijtimoiy soha ob’ektlarida O‘zbekistonda kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlarni o‘rnatishlari lozim bo‘ladi. Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy hokimliklar tomonidan investitsiya mablag‘ining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beradi.
Qarorga muvofiq, bir oy muddatda tanlov asosida loyiha institutlari jalb qilinib, mavjud issiqlik ta’minoti tizimlarini xatlovdan o‘tkazgan holda nuqsonlar to‘g‘risida dalolatnomalar rasmiylashtiriladi. Joriy yil 1 iyunga qadar ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi va 1 iyulgacha loyihalar bo‘yicha konsepsiyalar tasdiqlanadi. Shu yilning 1 avgustidan tenderlarni tashkil qilish hamda xususiy sheriklarni shaffof va ochiq shartlarda tanlab, modernizatsiya ishlarini boshlash belgilangan.
G‘.HASANOV, O‘zA