Maktablardan 11 ming nafarga yaqin bitiruvchi chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha bepul milliy sertifikatlarni (CEFR) qo‘lga kiritdi
Bugun xorijiy til bilish oddiy ko‘nikma emas, insonning ta’lim, kasb va dunyo bilan muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytiradigan muhim vositaga aylandi.
Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va xalqaro aloqalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda xorijiy tilni bilgan inson uchun o‘qish, ishlash, xorijiy tajribani o‘rganish va yangi imkoniyatlardan foydalanish eshiklari kengroq ochiladi.
Mamlakatimizda "Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab tanlovi" an’anaviy tarzda bu yil 5-marta o‘tkazilmoqda. O‘tgan vaqt davomida mazkur tanlovga 200 ming nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlov g‘oliblari Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya davlatlarida ta’lim sayohatlarida bo‘ldi. Qayd etilishicha, so‘nggi to‘rt yilda sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni ham deyarli 8 barobarga oshib, 90 424 nafarga yetdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, maktablarga 2023-yildan hozirgi kunga qadar 1 500 nafarga yaqin til egalari va yuqori malakali xorijiy mutaxassis jalb etildi. Yangi o‘quv yilida esa yana 2 500 nafar xorijlik mutaxassislar olib kelinishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda “STEP” (Smart Tongues Education Programme) loyihasi doirasida Toshkent shahridagi qator umumta’lim maktablari bitiruvchilarining xorijiy tilni o‘zlashtirish darajasini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli baholash jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur sinov natijalariga asosan, poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 11 ming nafarga yaqin bitiruvchi sinf o‘quvchilari chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha bepul milliy sertifikatlarni (CEFR) qo‘lga kiritdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA