Maktablardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit yaxshilanadi
Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida “Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi – ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish poydevori” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Unda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, mazkur oliygohning professor-o‘qituvchilari, Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov, xalq ta’limi tuman-shahar bo‘limlari mas’ullari qatnashdi.

Asosiy e’tibor maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratildi. Buning uchun ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, o‘quvchilar, ota-onalar bilan bevosita hamkorlik qilish borasida fikr almashildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozir respublika bo‘yicha jami 1 ming 526 ta umumta’lim maktablari “Ijtimoiy-ma’naviy muhit nosog‘lom bo‘lgan maktablar” deb topilib, ushbu maktablar “qizil” toifaga kiritilgan. Xususan, Toshkent viloyatida bu kabi maktablar 147 tani tashkil etadi. Joriy yilning 10 aprel kuniga qadar mazkur maktablarning har biri uchun “Ijtimoiy-ma’naviy muxit” barqarorligini ta’minlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l harita” lari ishlab chiqildi.

“Qizil” toifadagi maktablarga hududdagi yashil toifaga kiruvchi maktablar biriktirilib, tajribasini tadbiq etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Respublikadagi ko‘rik-tanlovlar haqida o‘quvchilarni xabardorligini ta’minlash va yoshlarga motivatsiya beradigan intellektual o‘yinlar o‘tkaziladi.

Shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha har bir tuman-shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan samarali ishlar qilinadi. Tadbirda soha olimlari mazkur maktablarda tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish borasida zarur tavsiyalarini berdi. Mavzu bo‘yicha mutaxassislar bilan savol-javoblar qilindi.
A.Musayev,
O‘zA