Maktablarda ilk saboqni rahbarlar o‘tishdi
Bugun yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi. Samarqand viloyatidagi maktablarda ham “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi.
Bilimlar kuni tadbirlari va birinchi – “Kelajak soati” darslarida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, el ardog‘idagi kishilar ishtirok etib, o‘quvchilarga o‘z hayotlari, tajribalari misolida saboq berdilar. Jumladan, Samarqand viloyatidagi Oliy Majlis Senatiga saylangan senatorlar ham ta’lim muassasalarida bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni mustaqillik bayramiga uyg‘un nishonlanayotgan Bilimlar kuni bilan tabrikladilar. Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Adiz Boboyev Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, muassasa jamoasi va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi.
Viloyat rahbari dastlab Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, Samarqandda joriy yilda maktab ta’limini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berdi.
[photobank-31206]
Bu yil viloyatdagi 139 ta maktab, 66 ta maktabgacha ta’lim muassasasida qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi. Mazkur maktab ham Abu Dabi jamg‘armasidan ajratilgan 4 milliard 300 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq rekonstruksiya qilindi. 1132 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabda dars jarayonlari o‘zbek va rus tillarida tashkil etilgan, xorijiy til sifatida ingliz va koreys tillari o‘qitiladi. O‘tgan o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil etdi. Yangi o‘quv yilida 104 nafar o‘quvchi birinchi sinfga qabul qilindi va ularga darslik va o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari berildi.
Umuman, bu yil viloyatdagi 1280 ta davlat umumta’lim maktabi hamda 60 ta nodavlat ta’lim muassasasining 1-sinfiga 92 ming 93 nafar o‘quvchi qabul qilindi va ularning barchasiga Prezident sovg‘alari yetkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari