Maktabgacha ta’limga bolalarning qamrovi kengaymoqda
Yangi yil bayrami arafasida Andijon shahridagi 35- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Xo‘tanariq mahallasi hududida joylashgan mazkur davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining uch qavatli yangi binosi investitsiya dasturi doirasida Andijon shahridagi “Andijon tezkor qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.
– Qurilish va jihozlash ishlari uchun 6 milliard 300 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi, – deydi muassasa rahbari Shaxnozaxon Qo‘ldosheva. – Endilikda ko‘rkam va zamonaviy ko‘rinishga ega bog‘chamiz 220 nafar bolani o‘z bag‘riga oladi. Bu yerda nafaqat bolajonlar, balki tarbiyachilarning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy qiyofaga ega ushbu muassasada bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Muassasada musiqa, sport, gimnastika, ingliz, rus tillari to‘garaklari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Maktabgacha ta’lim tashkiloti yangi binosining ishga tushishi bilan qo‘shimcha 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ayni kunda Andijon shahrida 57 davlat, 20 ta nodavlat va xususiy sherikchilik asosidagi, shuningdek, 70 ta oilaviy bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda. Umuman, Andijon shahrida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish 75 foizga yetdi. Bolalar bog‘chasining ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
[gallery-5217]
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA