Maktabgacha ta’lim sohasida olib borilgan islohotlar samarasi
Bolalarda aynan maktabgacha bo‘lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi.
Shu bois ham keyingi yillarda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish, bog‘cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta’lim yo‘nalishi bilan to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi.
Maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar (Namangan, Jizzax, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida) samaradorligi tahlil qilinganda, quyidagi natijalarni alohida qayd etish lozim.
Jumladan, 3-6 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha eng samarali natijalarga Jizzax viloyatida (15 foizga o‘sish) erishildi. 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi bilan qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinayotgan hududlar orasidan Samarqand viloyatida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish borasida Toshkent viloyatida eng muvaffaqiyatli natijalarga erishildi, ya’ni so‘nggi 5 yil davomida 167 ta yangi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etildi.
«O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi»ning qabul qilinishi sohadagi islohotlarni amalga oshirishda huquqiy asosni yaratdi. Maktabgacha ta’limni rivojlantirishda hududlar, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatning sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy kapitalni jalb etishni rag‘batlantirish siyosati ham imkoniyatlarni kengaytirmoqda.
Maktabgacha ta’limga talab ortmoqda
3-6 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish nafaqat yangi muassasalarni qurish va eskilarini ta’mirlash hisobiga (qo‘shimcha bola o‘rinlarini joriy etish), balki ota-onalar orasida maktabgacha ta’limning ahamiyati haqida faol tushuntirish va tashviqot ishlari olib borish, kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hisobiga ham erishildi. Buning natijasida 2015 yilda yurtimizda maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘la foydalanilmay qolgan o‘rinlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa (jami respublika MTMlaridagi bola o‘rinlari 713060 bo‘lib, ularga qatnovchi bolalar soni 620769 nafar), 2020 yilga kelib maktabgacha ta’lim xizmatiga bo‘lgan talab soni mavjud o‘rinlar sonidan oshdi (mos ravishda jami 1155731 o‘ringa 1196421 nafar).
Oilaviy MTM muhim omil sifatida
Oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari sonining oshishi respublikaning chekka hududlari hamda kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni ham ta’limning ushbu bosqichiga jalb qilishini ta’minladi. Bu o‘z navbatida, viloyatlar, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi nomutanosiblik darajasini kamaytirishga salmoqli hissa qo‘shdi.
Beshta hududdan (Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari) oilaviy MTMlarning 3-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovini oshirishga qo‘shgan hissasi Jizzax viloyatida (15 foiz) eng ko‘p bo‘lsa, eng kam ulush Toshkent viloyatida (4,3 foiz) kuzatilgan. Ta’kidlash joizki, Toshkent viloyatida qamrov darajasi 5 yil avval ham o‘rtacha respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan.
2015 yilda Qashqadaryo viloyatida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish nafaqat tanlangan hududlar orasida, balki butun respublika bo‘yicha eng past (9,9 foiz) darajada edi. 2020 yilga kelib Qashqadaryo viloyatida ushbu ko‘rsatkich – 3,4, Jizzaxda – 4, Namanganda – 3, Samarqandda – 3,1 va Toshkent viloyatlarida – 1,6 barobar oshdi. Respublikaning 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan jami bolalarning 43,9 foizi ushbu hududlarda yashaydi.
Mobil (ko‘chma) bog‘chalarni joriy qilish
Maqsadli parametrlarga erishish uchun maktabgacha ta’limning an’anaviy shakllarini rivojlantirish bilan bir qatorda, qisqa muddatli, mobil maktabgacha ta’lim guruhlari va boshqa shu kabi uning muqobil shakllarini keng rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi mobil “Aqlvoy” guruhlari 2021 yilning yanvar oyida faoliyat yurita boshlagan.
Ushbu guruhlar bolalarni maktabgacha ta’lim bilan eng kam qamrab olingan, bolalar bog‘chalari mavjud bo‘lmagan chekka hududlarda ochilishi hamda bolalarning ularga qatnashi tekin bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Mobil guruhlarning tarbiyachilari qo‘shimcha malaka oshirish kurslari jumladan, birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham o‘qitiladi.
Maktabga tayyorgarlik
Xorijiy olimlar tomonidan inson kapitaliga kiritilgan investitsiyaning kelajakda eng ko‘p naf keltiradigani shaxs shakllanishining dastlabki, ya’ni maktabgacha ta’lim bosqichida qilingan investitsiyalar ekani isbotlagan.
Qayd etish joizki, ijtimoiy-iqtisodiy holati pastroq bo‘lgan oila farzandlariga maktabgacha ta’lim yoshida qilingan investitsiyalar, o‘ziga to‘q oila farzandlariga kiritilgan investitsiyalarga nisbatan ko‘proq foyda keltiradi. Sababi maktabgacha ta’lim bolaning nafaqat ijtimoiylashishiga ko‘maklashadi, balki shaxsning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga asos yaratadi va maktabga tayyorlaydi. Aynan shu bois maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasida 6 yoshli bolalarni 2021 yil yakuniga kelib, maktabga tayyorlash tizimi bilan to‘liq qamrab olish maqsadli paramert qilib belgilangan.
2015 yildan 2020 yilgacha tahlil qilinayotgan hududlardan 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorgarlik tizimi bilan qamrab olish bo‘yicha Jizzax (qamrov 67 foiz), Samarqand (61,4 foiz) va Namangan (44,6 foiz) viloyatlarida eng yaxshi natijalarga erishilgan. Qashqadaryo (22 foiz) va Toshkent (15,9 foiz) viloyatlarida bolalarning 78 foiz va 84 foiz maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinmagan.
Dilfo‘za Vahabova,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi.