Maktabgacha ta’lim tizimi takomillashmoqda
Jizzaxda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning “Bola shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning “Bola shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan va maktabgacha ta’lim muassasalari mudiralari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, shahar, tuman bo‘linmalari mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashning izchil mexanizmi yaratilgani, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan ikki yuzdan ziyod maktabgacha ta’lim muassasasida o‘g‘il-qizlarga boshlang‘ich ta’lim-tarbiya berish va ularni maktabga tayyorlashning muqobil shakllari – qisqa muddatli o‘quv guruhlari, savodxonlik markazlari tashkil etilgan. Ularning faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ta’lim muassasalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etayotir.
Tadbir davomida “Bola shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim” loyihasi asosida yaratilgan “Sifatli maktabgacha ta’lim – bola kelajagining poydevori”, “Maktabgacha yoshdagi bola ta’limining mustahkamligi va uning targ‘ibotida jamoatchilikning ishtiroki” nomli qo‘llanmalardan foydalanish mavzusida treninglar o‘tkazildi.
Seminar doirasida mazkur loyihaning ahamiyati, uni amalga oshirish vazifalari aniq muassasalar – G‘allaorol tumanidagi 1- va 5-maktabgacha ta’lim muassasalari ish tajribasi asosida muhokama etilgani tadbirning samaradorligini yanada oshirdi. Ishtirokchilar bola shaxsiga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish, bu yo‘nalishda muassasalarning mahalla bilan hamkorligini yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashdi.
– Ota-ona bolasini tinch va bexavotir bo‘lish uchungina emas, har tomonlama yaxshi rivojlanishi, ko‘proq narsa o‘rganishi uchun bog‘chaga beradi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi maslahatchisi Nigora Usmonova. – Bunda mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklangan. Shu bois ushbu seminarda maslahatchilarning bu yo‘nalishdagi faolliklarini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi.