Maktabda ta’lim jarayonlarini bir smenada tashkil etish imkoniyati yaratildi
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 338-sonli umumta’lim maktabining yangi qo‘shimcha binosi foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda ta’lim sohasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan bo‘lib, unga bo‘lgan e’tibor va moliyaviy investitsiyalar ko‘lami yildan-yilga oshib bormoqda. Bu tizimli islohotlar nafaqat maktab ta’limi, balki maktabgacha va oliy ta’lim bosqichlarini ham to‘liq qamrab olgan.

Xususan, umumta’lim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o‘quvchi o‘rinlari sonini oshirish maqsadida tizimli ravishda yangi qo‘shimcha binolar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bunday loyihalar Investitsiya dasturi hamda xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida amalga oshirilib, ikki smenali ta’lim tizimini qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 338-sonli umumta’lim maktab binosi 2021-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 990 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan edi. Bugungi kunga kelib, maktabda o‘quvchilar soni 1 500 nafardan oshgani sababli ta’lim jarayonlari ikki smenada tashkil etib kelinayotgan edi.
Endilikda maktab hududida qo‘shimcha 990 o‘rinli yangi bino barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Natijada maktabning umumiy sig‘imi qariyb 2 ming o‘ringa yetkazildi. Bu esa ta’lim jarayonlarini bir smenada tashkil etish imkonini beradi.

Yangi binoning ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Bahodir G‘oibnazarov, tuman Nuroniylar kengashi vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mas’ullar maktab jamoasini tabriklab, yangi binoning foydalanishga topshirilishi ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglar uchun munosib sharoit yaratish hamda o‘quvchilar uchun qulay imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yaxshi niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari ekildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA