Maktab o‘quvchilariga senator stipendiyasi va sovg‘alari topshirildi
O‘tgan o‘quv yilida mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida birinchilardan bo‘lib “Senator stipendiyasi”ni ta’sis etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, “ANAMED” diagnostika markazi rahbari, O‘zLiDeP faoli Nosirbek Abdullaxanov xayrli an’anani davom ettirdi. Parlament vakilining tashabbusi bilan Namangan shahridagi 4- va 46-sonli maktablarda a’lo baholarga o‘qiyotgan 15 nafar iqtidorli, bilimdon o‘quvchi stipendiya bilan rag‘batlantirildi.
Akademik Mahmud Salohiddinov nomidagi 4-sonli matematika faniga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bugungi kunda 43 ta sinfda 1 ming 280 o‘quvchi ta’lim olmoqda, ularga 72 nafar malakali pedagog bilim bermoqda. Bu yerda ixtisoslikdan kelib chiqqan holda, 9 ta maxsus sinf tashkil qilingan.

Maktab direktori Ergashali Tursunovning aytishicha, o‘tgan o‘quv yilida tamomlagan yuzta bitiruvchi yoshdan 12 nafari oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lgan. Bu qoniqarli emas, shu bois maktab pedagogik jamoasi oliy ta’limga qamrov ko‘rsatkichini joriy yilda 30 foizga oshirishni maqsad qilgan.
Senator boshlang‘ich sinfdagi o‘quv jarayonlarini kuzatdi.
– Men ham ayni shu maktabda ta’lim olganman, – dedi Nosirbek Abdullaxonov.
– Biz o‘qigan paytlarda bugungidek qulay sharoitlar bo‘lmagan. Sizlarni ko‘rib, havas qilyapman. Yorug‘ va shinam sinf xonalarida chuqur bilim olib, ertaga Yangi O‘zbekistonimizning chinakam bunyodkorlari bo‘lishingiz kerak.

Bu borada zamonaviy maktabning malakali muallimlari tajribasiga ishonamiz.
Shahardagi xalq ta’limi muassasalari o‘qituvchilari, maktab ma’muriyati, muallimlar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotda “Namangan tajribasi” sifatida berib borilayotgan “Senator stipendiyasi”ning navbatdagi sohiblari aniqlandi. Ularga tashakkurnoma va 250 ming so‘mdan stipendiyalar toshirildi.
Nosirbek Abdullaxonov kutubxona fondiga badiiy adabiyotlar taqdim etdi.
Senator mazkur tashabbusni bejiz ilgari surmagandi. Boisi, chekka hududda joylashgan 46-sonli umumta’lim maktabining holati, ta’lim sifati talabga javob bermaydi. O‘tgan 27 yil davomida o‘quv yilida maktabni tugatgan yuzlab bitiruvchilardan atigi bir nafari oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lgan.

Mazkur stipendiya ta’sis etilishi, o‘quvchilarning talab-istaklari asosida aniq-tabiiy fanlar bo‘yicha viloyatdagi yetakchi ta’lim muassasalarining tajribali o‘qituvchilari ishtirokida to‘garaklar joriy etilgani o‘z samarasini berib, o‘qishga bo‘lgan qiziqish ortmoqda.
Ma’lumot uchun, “Senator stipendiyasi” maktabda jamoatchilik tadbirlaridagi faol ishtiroki, fanlarni o‘zlashtirishdagi ilg‘orligi, odob-axloqidagi namunasi bilan e’tirof etilgan o‘quvchilarga muntazam ravishda berib boriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA