Maktab — hayot yo‘lining ilk bosqichi (+video)
Yozgi ta’til tugab, bugun erta tongdan o‘quvchilar qadrdon maktablari tomon yo‘l olishdi. Yangi o‘quv yilida respublikamizning turli hududlarida zamonaviy talablarga javob beradigan ko‘rkam maktablar qad rostladi.
Bugun “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga hamohang poytaxtimizning Bektemir tumanida 358-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
—Joriy yilning 20 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumaniga tashrifi chog‘ida 358-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurgan va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishgan, — deydi maktab direktori Sojida Abdullayeva. — "Toshkent tajribasi"ga asoslangan maktabimizda, zamonaviy holatda qurilgan sport hamda faollar zali, inklyuziv ta’lim olishga yaratilgan sharoitlar, "Turon teatr" to‘garaklari uchun xonalar, o‘quvchilarning bilim olishi uchun zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv xonalari, kasbga yo‘naltirilgan robototexnika, IT xonalari, xorijiy tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan ingliz tili va informatika xonalari mavjud. Maktabimizda yaratilgan mana shunday sharoitlarga munosib tarzda bildirilgan ishonchni jamoamiz va o‘quvchilar bilan birga albatta oqlaymiz.
Mazkur maktab 990 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugun 900 nafar o‘quvchi bilan ilk darslar boshlandi. Bu yil 1-sinfga 196 nafar o‘quvchi qamrab olindi. O‘quvchilarga bilim berish uchun 48 nafar oliy toifali pedagoglar jalb etildi. Sinflarga barcha o‘quvchilar suhbat asosida qabul qilindi.
"Birinchi qo‘ng‘iroq" jarayoni faqat rasmiy tadbir emas, balki butun yurtning ma’naviy hayotidagi muhim voqelik. Ayniqsa, birinchi marta maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kichik o‘quvchilar uchun bu kun unutilmas tarixiy sahifa sifatida yodda qoladi. Ular uchun maktab – katta hayot yo‘lining ilk bosqichi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4Ap7oNdbIhQ" title="Maktab — hayot yo‘lining ilk bosqichi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Doniyor Yoqubov (video), Anvar Ahmedov (montaj), O‘zA