Maktab direktoriga sud hukmi oʻqildi
Korrupsiya - jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir.
Korrupsiya - jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Aksariyat mansabdor shaxslar bu atamaning mohiyatini anglab yetmasdan oʻz mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanib, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadigan, inson huquqlari buzilishiga olib keladigan va boshqa salbiy hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib kelishmoqda.
Jumladan, 2020-yil 28-iyul kuni jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy viloyati Karmana tumani sudining ochiq sud majlisida Xatirchi tumani 62-sonli umumtaʼlim maktabi direktori lavozimida ishlagan Anvar Rizayevga (ism-sharif oʻzgartirilgan) nisbatan boʻlgan jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
A.Rizayev oʻzi rahbarlik qilib kelayotgan maktabda kotiba vazifasida ishlab kelayotgan F.Sultonovani shtat birligi kadrlar boʻyicha menejerga oʻzgarganidan foydalanib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 103-moddasiga koʻra mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun beriladigan imtiyozli huquqqa ega ekanligini bilgani holda, pora berishga majbur etadigan sharoitga qasddan tushirgan. F.Sultonovaga ish oʻrni qisqarganligi va boshqa ish oʻrni mavjud emasligi vaji bilan tuzilgan mehnat shartnoma bekor qilinishi haqida ogohlantirish xati beradi.
Shundan soʻng, mazkur maktabning kimyo fani oʻqituvchisi Oʻ.Sultonov turmush oʻrtogʻi F.Sultonova bilan yangi mehnat shartnomasi imzolash va ishda qoldirishni soʻrab murojaat qilganidan undan tamaʼgirlik yoʻli bilan 200 AQSH dollari miqdorida pora berishni talab qiladi. Soʻng undan kimyoviy ishlov berilgan 1 mln. 200 ming soʻm pullarni oʻzining xizmat xonasida olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Sud, A.Rizayev aybiga toʻliq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, shaxsini, yoshini, oilaviy sharoitini, jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarini inobatga olib, unga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan JKning 45,57-moddalari tartibida 2 yil muddatga xalq taʼlimi sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish hamda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jahongir Karimov, jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi raisi