Makron fransuzlarni ko‘proq ishlashga chaqirdi
Nafaqa pulini to‘liq miqdorda olish va avvalgi hayot kechirish darajasini saqlab qolish uchun fransuzlar ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keladi, dedi Fransiya Prezidenti France 2 telekanaliga bergan intervyusida.
Jurnalistning “yuqori inflyatsiya sharoitida xarid qobiliyati pasayishidan xavotir olayotgan fransuzlarga qanday maslahat berasiz”, deb bergan savoliga Fransiya yetakchisi shunday javob berdi:
"Agar biz biror narsaga erishmoqchi bo‘lsak, agar rivojlanishni istasak, ko‘proq ishlashni boshlashdan o‘zga tanlovimiz yo‘q. Kim ko‘p ishlashni xohlasa, biz ularni ortiqcha ishlagan soatlariga soliq solishni bekor qilamiz. Biz ushbu siyosatni davom ettiramiz va kengaytiramiz. Kim ko‘p ishlashni istasa, ko‘proq olish imkoniyatiga ega bo‘ladi", – dedi Makron.
"Shunday qilish kerakki, yoshlarimiz ishga faol ravishda chiqsin. Agar Germaniya bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, yoshlarimizning mehnat bozorida ishtirok etish darajasi juda past. Shuningdek, Fransiyada ishsizlar darajasi bugungi kunda 7 foizni tashkil etmoqda, Germaniyada esa ushbu ko‘rsatkich 3 foiz. Biz ko‘proq ishlashimiz kerak va buning uchun pensiya islohotini amalga oshirishimiz lozim", – dedi Prezident.
Makronning ta’kidlashicha, ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, 2027 yilga kelib Fransiyada pensiyani moliyalashtirish uchun 10 dan 12 milliard yevrogacha kerak bo‘lar ekan. Makron taklif qilayotgan pensiya islohoti nafaqaga chiqish yoshini bosqichma-bosqich 62 dan 2031 yilga kelib 65 yoshgacha uzaytirishni ko‘zda tutadi.