Majburiy sug‘urta – hayotiy zarurat
Har birimiz transport vositalari xizmatidan foydalanamiz. Zero, insonning hayoti va faoliyati rivojlanib borayotgan texnologik jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqligi bois kundalik hayotimizda transport vositalarining o‘rni muhim ahamiyatga ega.
Har birimiz transport vositalari xizmatidan foydalanamiz. Zero, insonning hayoti va faoliyati rivojlanib borayotgan texnologik jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqligi bois kundalik hayotimizda transport vositalarining o‘rni muhim ahamiyatga ega.Shahar yo‘lovchi transportidan, temir yo‘l, havo, daryo transporti yoki boshqa transport turidan foydalanmaylik, ularning hammasi bitta ibora bilan aytganda tashuvchi, deb ataladi. Tashuvchi yo‘lovchining hayoti yoki sog‘lig‘i hamda yuk, bagaj yo‘qolganligi, kam chiqqanligi va ularga shikast yetkazilganligi (buzilganligi) uchun javobgardir. 2015-yil 27-mayda e’lon qilingan “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yo‘lovchilarning havfsizligini ta’minlash, turli darajadagi xavf-xatarlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash, sug‘urta bozoridagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘layotir.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 26-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2011-2015-yillarda respublika mikromoliyalash sohasini va nobank moliya sektorini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning 5-bandiga asosan ishlab chiqilgan mazkur qonun tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida transport vositalarining barcha turlarida tashishni amalga oshirishda yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar qoplanishini kafolatlaydi.
6 bob, 26 moddadan iborat mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Iqtisodiyot, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, sug‘urta kompaniyalari, Avtomobil va daryo transporti agentligi, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xafsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyalari, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda tayyorlangan.
– Mamlakatimizda fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi Nazir Sobirov. – Xususan, sug‘urta sohasida hayotga tatbiq etilayotgan yangilik va o‘zgarishlar buning yaqqol misolidir. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish borasidagi qonun yo‘lovchilarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha sug‘urta himoyasini yanada kuchaytirishda qo‘l keladi. Shu kunga qadar mavjud hujjatlarda yo‘lovchilarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash kafolati yetarli darajada emas edi. Yangi qonun bilan eski qonunchilikda mavjud bo‘lgan muayyan bo‘shliqlar barham topadi. Uni ishlab chiqish jarayonida xorijiy tajriba ham o‘rganilib, yo‘lovchilarning manfaatlarini to‘la himoya qilish uchun yo‘lovchilarning majburiy shaxsiy sug‘urtasi o‘rniga, tashuvchining yo‘lovchilar oldida fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish mexanizmi inson manfaatlarini himoya qilishda ko‘proq qo‘l kelishi aniqlandi. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimi ko‘pgina davlatlarda, xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Kanada, Yaponiya, Rossiya, Belarus, Moldovada qo‘llanilmoqda.
Yangi qonunda majburiy sug‘urta qilish shartnomasi shartlari va uni tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi, amal qilish muddati, sug‘urta puli, nizolarni hal etish tartibi aniqlashtirilgan. Endilikda yo‘lovchi, jabrlanuvchi va naf oluvchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi shartlari to‘g‘risidagi axborotni hamda sug‘urtalovchi haqidagi zarur ma’lumotlarni tashuvchidan bepul olish huquqiga ega.
– Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib, sug‘urtalovchilarga nisbatan alohida talablar belgilangan, – deydi “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish departamenti bosh menejeri Rustam Xidiraliyev. – Xususan, sug‘urtalovchi tegishli litsenziyaga ega bo‘lishi zarur. O‘z navbatida, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasini tuzishga, tashuvchilar, jabrlanuvchilar va naf oluvchilarning sug‘urta talablarini ko‘rib chiqishga hamda sug‘urta pulini to‘lashga vakolatli filiallarga ega bo‘lishi lozim. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirishga haqli sug‘urtalovchilar o‘rtasida sug‘urta sherikligi to‘g‘risidagi yozma bitimning mavjudligi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan tashuvchi, yo‘lovchi va naf oluvchilarning huquqlarini himoya qiladi hamda sug‘urtalanuvchilarning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi.
Chalkashliklar ro‘y bermasligi uchun qonunda tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyati bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiruvchi davlat organlari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamda qonun hujjatlariga muvofiq tegishli vakolatga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari ham bu vazifalarni bajarishi mumkin.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, tashuvchining huquqiy maqomi belgilangan mazkur qonunning qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, ba’zilari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topilmoqda. “Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilarining majburiy shaxsiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 110-moddasi, “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi qonunining 28-moddasi va “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunining 25-moddasida yo‘lovchilarning majburiy shaxsiy sug‘urtasini nazarda tutgan alohida qismlari chiqarib tashlandi. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tashuvchining javobgarligini sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutgan moddalar bilan to‘ldirilmoqda.
Mamlakatimizda sug‘urta faoliyati va nazoratining qonunchilik bazasini takomillashtirish doimiy e’tiborda. Sohada hayotga tatbiq etilayotgan yangilik va o‘zgarishlar buning yorqin misolidir. Zero, sug‘urta xizmatlari bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini himoya etuvchi samarali vositadir. Rasman e’lon qilinganidan keyin olti oy o‘tgach kuchga kiradigan bu qonun ham aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash hamda iqtisodiyotga investitsiyalarni keng jalb etishga xizmat qiladi.