Mahsulot hajmi va sifati yanada yaxshilanadi
Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Parvoz quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi faoliyati yildan yilga rivojlanmoqda. Korxona tomonidan tuman markazi “Navro‘z” mahallasida uch qavatli zamonaviy inshoot qurildi.
– Buning uchun “Ipotekabanki” ning viloyat filialidan 3 million AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘i olindi, – deydi “Parvoz quruvchi” MCHJ rahbari Nurali Boltayev. – Shundan 2 milliard so‘mi fabrika binosi qurilishiga yo‘naltirildi. Inshoot zarur muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, issiqlik-ventilyatsiya tizimi bilan ta’minlandi. Xitoydan umumiy qiymati 15 milliard so‘mga teng so‘nggi rusumdagi tikuv mashinasi, overlo hamda boshqa zarur jihozlar keltirib o‘rnatildi. Hozirda ikkinchi va uchinchi qavatlarni 121 ta zamonaviy tikuv mashinasi va boshqa inventarlar bilan jihozlab, ish faoliyatini boshlaganmiz. Shu kunlarda jamoamiz bilan rossiyalik hamkorlardan tushgan buyurtmani sifatli tikib tayyorlash bilan bandmiz. Qiymati 2 million AQSH dollarga teng bo‘lgan ayollar kiyim-kechagini xorijga eksport qilamiz.
Korxonaga “Temir”, “Ayollar” hamda “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan, aytish mumkinki, qo‘lida gulday hunari bo‘lib, ishsiz va daromadsiz qolgan 130 nafar chevar xotin-qizlar tanlov asosida qabul qilingan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 50 ming dona kiyim-kechak yoki 10 milliard so‘mlik mahsulotni tashkil qilayotgan korxona ishchi tikuvchilariga 1,5 million so‘m atrofida oylik maosh tayinlangan.

Zarif Komilov, O‘zA