Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi – avlodlar e’tirofida
Poytaxtimizdagi "Adiblar xiyoboni"da O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Buyuk ma’rifatparvar adib Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi – avlodlar e’tirofida!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizni rivojlantirish, millat ravnaqi yo‘lida jonini fido etgan ijodkorlar xotirasini e’zozlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan jadidlar, ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ibratli va o‘ta murakkab, og‘ir sinovlarga to‘la hayoti, millat saodati yo‘lidagi ezgu va savobli ishlari, ijodini o‘rganish amaliy ko‘rinish kasb etmoqda. Zero, bugungi kunda xalqimizni befarqlikdan, jaholatdan, beparvolikdan, turli illatlardan ogoh etishda Behbudiy g‘oyalari, hayotiy shiorlari, uning ilmiy, adabiy merosi har qachongidan ham muhimdir.
[gallery-21308]
–Behbudiy garchi bu dunyoni 44 yoshida tark etgan bo‘lsa-da, o‘ziga ulkan ma’naviy yodgorlik o‘rnatib ketdi, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – Uning vafotidan keyin millat, Vatan oldidagi xizmatlari haqida ko‘plab marsiyalar yozildi. Talabalar Behbudiyni o‘qishi, uqishi, g‘oyalarini hayotga joriy etishga astoydil intilishi kerak.
– Behbudiy millat uchun qo‘lidan kelganicha ezgu ishlarni qilgan va bu yo‘lda o‘limga ham tik qarab, uni faxr bilan qabul qilgan ma’rifatparvar inson edi, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Mirzayeva. – Uning “Padarkush” kabi dramasi xorijda ham mukammal asar sifatida yuksak e’tirof etiladi. Fikrimcha, Behbudiy ijodiga olimlar bundan 200 yil, 500 yildan keyin ham yuksak baho berishadi.
–Bu yil Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar A’zamxo‘jayev. – Behbudiy 25 yoshida xorijga chiqqan. Ilg‘or davlatlarning ta’limga oid eng yaxshi tajribasini o‘z Vatanida joriy etishga intilgan. O‘zining shaxsiy mablag‘lari hisobidan ko‘plab maktablar ochgan. Millatni mudom ma’rifatga, ezgulikka undagan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Behbudiy tavallud kunida ham, boshqa kunlarda ham uning ijodini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya ta’sis etilgani, jadidlar faoliyati, tarixini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani yoshlar ma’naviyatida alohida o‘rin tutadi. Behbudiy ulug‘lagan, hayot shiori deb bilgan g‘oyalar bugun mamlakatimizda o‘z ifodasini topmoqda. Yangi universitetlar tashkil etilmoqda, o‘qituvchilar, ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ham kuchaydi.
Adabiy-ma’rifiy tadbirda Behbudiyning millatimizga vasiyatidan namunalar o‘qildi. Talaba-yoshlar jadid bobolarimiz ijodiga oid o‘z fikrlarini bildirdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori taraqqiyparvar ajdodlarimiz hayoti, ilmiy merosini o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha go‘shalarida Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy anjumanlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda. Bularning bari millat oydinlarining ibratli faoliyatini o‘rganish va targ‘ib etishda yangi imkoniyatlarni ochib berishi aniq.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA