Mahbubaxon “Jasorat” medali sohibasi
Sirdaryo viloyati Mirzabod tumanidagi “Deqonobod” mahallasida yashovchi 57 bahorni qarshilagan II guruh nogironi Mahbuba Ismoilova uchun bu yilgi Navro‘z bayrami quvonchi keldi. Bayram arafasida 22-mart Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Prezident farmoniga ko‘ra Mahbuba Ismoilova “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
M.Ismoilova go‘dakligidan taqdirning achchiq sinovlarini boshidan kechirdi. U atigi bir yoshga to‘lganda ota-onasi avtohalokat oqibatida dunyodan o‘tdi. Uni katta opasi Maxsumoy o‘z bag‘riga oldi. Opa singlisi ko‘nglini o‘ksitmay voyaga yetkazib Guliston Davlat Universitetida o‘qitdi.
Oliygohni tugatgan Mahbuba o‘zi o‘qigan tumandagi 21 o‘rta maktabda uzoq yillar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq berdi. Oila qurdi. Ikki o‘g‘il Olimjon, Odiljon hamda qizi Shahloni tarbiyalab, o‘qitib, ularni el xizmatiga qo‘ydi. Taqdir uni yana sinovlarga ro‘paro qildi. Oyoqlarida kuchli og‘riq paydo bo‘lib, qadam bosishga qiynalib qoldi. Shifokorlar unga II guruh nogironligini belgiladi.
Matonatli ayol to‘shakda yotishni o‘ziga ep ko‘rmay, “Dilbar ona” xususiy korxona tashkil etib, 10 nafar ishsiz mahalla ayollarini yoniga olib tikuvchilik qila boshladi. Uning shijoati, serg‘ayratligi, matonati ko‘pchilikka ibrat vazifasini o‘tadi.

Bugun Sirdaryo viloyati xokimligining qabullar uyida Mahbuba Ismoilovaga davlat mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
– Kichik bir mehnatim uchun davlat mukofoti bilan taqdirlanganim meni behad quvontirdi, – deydi Mahbuba. – Ushbu onlarda umrim davomida chekkan barcha zahmatlarim, qiynalgan chog‘larim yodimdan ko‘tarildi. Buning uchun Prezidentimizdan bir umr minnatdorman.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.