Mahalliylashtirish: natijalar qanday bo‘ladi?
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Toshkent viloyatida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Xususan, Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 97 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida jami 759,7 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. Tasdiqlangan tarmoq jadvaliga muvofiq, birinchi chorak yakuni bilan 63 ta loyiha doirasida jami 113,6 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi va reja ko‘rsatkichi 134,5 foizga bajarilishi kutilyapti.
Davlatimiz rahbari raisligida 14 mart kuni iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddi idoralarga ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, investitsiya loyihalarining bozor iqtisodiyoti talabiga javob berishini o‘rganish vazifasi qo‘yildi. Yangi korxonalarni foydalanishga topshirib, ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, zarur vazifalar belgilangan edi.
– Mahalliylashtirish dasturi amalda, – deydi Toshkent viloyat hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Alisher Turdiboyev. – Jumladan, Piskent tumanidagi “Zongtan Chemikal” MCHJ korxonasi tog‘-kon sanoatida qimmatbaho metallarni ajratib olishda qo‘llaniladigan ksantogenat moddasini ishlab chiqarmoqda. Ushbu korxona Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 6 ming tonna yoki 11 million dollarlik mahsulot importiga chek qo‘yadi.
Mazkur korxona mutaxassislari faoliyatini kengaytirish maqsadida aprel oyida Tenge bankdan 4 million AQSH dollar kredit olib, qo‘shimcha 2 ming tonna quvvatni ishga tushirmoqchi. Shu bilan birga, ular joriy yil 26-28 aprel kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan 26-Xalqaro sanoat yarmarkasida o‘z mahsuloti bilan ishtirok etish, Qozog‘istonning “Kazsink”, “Kazmi” va MDHning boshqa yirik tarmoq korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish ham rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Angren EIZ” hududida “Sentral Aziya Chemikals” MCHJ tomonidan 15 million AQSH dollar investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga Markaziy Osiyoda ilk marta Italiyaning mashhur “Desmet Ballestro” kompaniyasining zamonaviy texnologiyasi asosida mahsulotlar tayyorlanadi. Ushbu korxona joriy yil aprel oyi oxirida ishga tushirilib, yiliga 4 ming tonna lauretsulfat natriy, 8,5 ming tonna alkilbenzolsulfon kislotasi va 48 ming tonna yuqori sifatli kir yuvish kukuni ishlab chiqarilishi evaziga 30 million dollar valyutani tejashga erishiladi.
Qibray tumanida 10 million dollar xorijiy investitsiyalar kiritilishi hisobiga Filippin kompaniyasi tomonidan MDH davlatlarida birinchi marta “Oishi” brendi ostida joriy yilning uchinchi chorak yakuni bilan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha bo‘yicha 200 turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish mo‘ljallangan.
Mazkur brend hozir 20 ta davlatda mavjud bo‘lib, Xitoy, Vetnam, Bangladesh, Indoneziya, Tayland, Afrikaning boshqa mamlakatlarida keng tarqalgan. Uning eng kichik korxonasi Shanxay shahrida joylashgan bo‘lib, yer maydoni 24 gektarni tashkil etadi. Shuni hisobga olib, Qibray tumanida ham 1,3 gektar yer maydonida bu korxona barpo etildi. Kelgusida bu yerda yiliga 5 million dollar mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi.
bugungi kunda Angren erkin iqtisodiy zonasida ham umumiy qiymati 19 million dollar bo‘lgan soyani chuqur qayta ishlash orqali yuqori konsentratsiyali soya oqsillarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu mahsulot oliy, birinchi va ikkinchi nav qaynatilgan kolbasa, sosiska, sardelka, dudlangan, yarim dudlangan kolbasalar, qiymalangan yarim tayyor mahsulotlarda (kotlet, gamburger, frikadelka, farsh, qisqichbaqa tayoqchalari, konservalangan go‘sht) ishlatiladi.
Shu kungacha bunday loyiha mamlakatimizda bo‘lmagani tufayli mahsulot Xitoy, Amerika va Isroil davlatlaridan import qilinmoqda. Angrenda korxona joriy yil oxirida ishga tushadi. Hozirgi kunda investitsion loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari qilinib, zarur uskunalar o‘rnatilyapti. Bu sa’y-harakatlar natijasida 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 27 ming tonna, mahalliylashtirish darajasi 50 foizga yetadi.
Umuman olganda, bu yil viloyatning sanoat salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Joylarda zamonaviy texnologiyalar asosida import o‘rnini bosuvchi, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi quvvatlarni joylashtirishda investorlarga amaliy ko‘mak beriladi. Bunda, hududning ixtisoslashuvi, zaxira xomashyosi, ekologik balansi, inson kapitali, infratuzilma kabi bir qator omillar o‘rganilib, ulardan samarali foydalaniladi.
Kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha bu yil mintaqalarda bo‘lib o‘tadigan hududiy va tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida Toshkent viloyati korxonalari o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etadi. Bu orqali yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish uchun butlovchi, ehtiyot qismlari va komponentlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish choralari ko‘riladi.
A.Musayev, O‘zA