Mahalliylashtirish dasturi amalda
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining jadal rivojlanishi, yangi gidrometallurgiya zavodlari va konlarning ishga tushirilishi zamonaviy texnologik uskunalarga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirmoqda. Ana shunday sharoitda kombinatning asosiy mashinasozlik bazasi hisoblangan Navoiy mashinasozlik zavodi nafaqat ehtiyot qismlar, balki yirik texnologik majmualarni ham mahalliylashtirish orqali mamlakat sanoati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Korxona 2008-yildan buyon mahalliylashtirish dasturida ishtirok etib keladi. Shu vaqt mobaynida tog‘-kon sanoatida qo‘llaniladigan ehtiyot qismlarning 70 foizdan ortig‘i mahalliylashtirildi. Bugungi kunda gidrometallurgiya zavodlari, konlar va boyitish majmualari uchun zarur bo‘lgan sharli tegirmonlar, gidrotsiklonlar, konveyerlar, nasoslar, metallokonstruksiyalar hamda yuzlab turdagi nostandart uskunalar aynan shu yerda ishlab chiqarilmoqda.
- So‘nggi yillarda ishga tushirilgan 5-, 6- va 7-gidrometallurgiya zavodlari hamda yangi konlarning texnologik uskunalarini ta’minlashda zavodning hissasi ayniqsa salmoqli bo‘lmoqda, - deydi korxona direktori Jahongir Hayitov. - Bugun gidrometallurgiya zavodlari uchun kapital qurilish dasturi asosida ishlab chiqarilayotgan texnologik uskunalarning qariyb 90 foizi mahalliylashtirilgani ushbu yo‘nalishda erishilgan eng muhim natijalardan biridir.
ID: 446392
Jumladan, 2025-yilda korxonada 1 trillion 711 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 111,1 foizni tashkil etdi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilgan 103 ta loyiha bo‘yicha esa 1 trillion 146,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 37,4 foizlik o‘sish demakdir. Kapital qurilish dasturi doirasida esa 8 to‘plam yirik texnologik uskuna tayyorlandi. Ular orasida GMZ-7 uchun beshta MSHS 55×85 rusumli sharli tegirmon, GMZ-2 uchun uchta MMS 70×23 tegirmoni hamda Markaziy rudani qayta ishlash boshqarmasi uchun PS-2000 o‘zi yurar peregrujateli ishlab chiqarildi.
Korxonada joriy yilda 1 trillion 882,1 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish, mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha esa 1 trillion 344 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ayni paytda kombinatda 160 ga yaqin sharli tegirmondan foydalanilmoqda. Ilgari ularning ko‘plab ehtiyot qismlari xorijdan xarid qilingan bo‘lsa, bugun ularning asosiy qismi NMZda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa import hajmini qisqartirish, ta’mirlash muddatini tezlashtirish va valyuta mablag‘larini tejashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahalliylashtirish natijalari yangi investitsiyalar bilan mustahkamlanmoqda. 2017-2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 25,1 million AQSH dollariga teng ikkita yirik loyiha amalga oshirildi. Jumladan, mexanika-yig‘uv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash doirasida Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy raqamli boshqaruv tizimiga ega uchta yirik dastgoh o‘rnatildi.
Quymachilik sexida amalga oshirilgan modernizatsiya esa yanada katta samara bermoqda. Bu yerda 25 tonnalik eritish pechi, zamonaviy qoliplash mashinalari va pnevmotransport tizimlari o‘rnatildi. Natijada quyma mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 35 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 40 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirda mexanik yig‘uv sexining yirik gabaritli detallarga ishlov berish uchastkasi kengaytirilmoqda. Mavjud ishlab chiqarish maydoni yana 120 metrga uzaytirilib, yana oltita zamonaviy koreys dastgohi o‘rnatiladi. Bu mahsulot sifati va mehnat unumdorligini oshirish, shuningdek, tegirmonlar, maydalagichlar va boshqa tog‘-kon uskunalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Korxona oldidagi navbatdagi muhim vazifalardan biri karer texnikasini mahalliylashtirishdir. Yaqin istiqbolda 5 kub metrli cho‘michga ega ekskavatorlar hamda burg‘ilash uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2030-yilga qadar tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini yiliga 120 tonnaga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa gidrometallurgiya zavodlari, karerlar va qayta ishlash majmualarining quvvatlarini yanada oshirishni talab qiladi. Ushbu ulkan vazifalarni bajarishda Navoiy mashinasozlik zavodining o‘rni beqiyos. Chunki bugun kombinatda ishlatilayotgan mexanik uskunalarning qariyb 90 foizi aynan shu yerda ishlab chiqarilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari