Mahalliy mutasaddilar mas’uliyatini oshirish zarur
Buxoro viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan viloyatdagi mavjud bekatlarda yo‘lovchilar va jamoat transporti harakatlanishi uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Viloyat hududida tadbirkorlarga berilgan jami 574 ta jamoat transporti bekatlari mavjud. O‘rganishlar davomida aksariyat bekatlarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelinayotgani aniqlandi. Biroq, ayrim bekatlar O‘zbekiston Respublikasi davlat standartining 2017 yil 11 avgustdagi “Avtomobil yo‘llaridagi avtobus bekatlari” umumiy texnik talablariga zid ravishda qurilganligi ham ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ushbu davlat standarti talablari bo‘yicha avtobus bekatining elementlaridan reklama joylashtirish uchun foydalanish mumkin emasligi, bekatda bo‘lgan piyodalar ko‘rinishini cheklashi mumkin bo‘lgan tashqi reklama vositalari joylashtirilishi ta’qiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsada, ushbu talablarga ham rioya qilinmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tadbirkorlarga berilgan shahar-tuman hokimlarining “Bekat va bekat tipidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurilishi uchun yer ajratish to‘g‘risida” gi qarorlarida 60 kv.m dan iborat yer maydoni 10 (o‘n) yil muddatga vaqtinchalik foydalanish huquqi asosida ajratilishi, quriladigan bekatning hajmi 40 kv.m, bekat tarkibidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosining hajmi esa 20 kv.m etib belgilanganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Afsuski ayrim tadbirkorlar bunga rioya qilmasdan o‘zlari bilgancha bekatlarni egallab olgan.
Buxoro shahri I.Karimov ko‘chasidagi “Yoqub Dovud” nomli tipografiya binosining ro‘parasida tadbirkor Z.Mansurova tomonidan qurilgan bekatda yo‘nalishlardagi transport vositalari uchun kirish va chiqish yo‘lagi yo‘qligi aniqlangan. Shuningdek, bekatni ifodalovchi belgi va yo‘nalishlar ko‘rsatilgan lavhalar ham qo‘yilmagan. Yo‘lovchilar kutish joyi maydoni kichik va o‘rindiqlar soni kam. Notarial idoraning 2020 yil 30 sentyabrdagi oldi-sotdi shartnomasida bekat qurilishi lozim bo‘lgan yer 85 kv.m maydonga egaligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsada, hozirda ushbu ko‘rsatib o‘tilgan yerda qurilgan bekat 132.5 kv.m tashkil qiladi. 47.5 kv.m maydon o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan. Xuddi shu kabi holatni M.Iqbol ko‘chasida joylashgan tadbirkor J.Kamolov tomonidan qurilgan Buxoro tibbiyot kolleji bekatida ham kuzatish mumkin.
Bundan tashqari, I.Karimov ko‘chasidagi “Hamkor bank” binosining ro‘parasida joylashgan tadbirkor O.Qurbonov tomonidan qurilgan bekatda bekatni ifodalovchi belgi va yo‘nalishlar ko‘rsatilgan lavhalar umuman yo‘q. Yo‘lovchilar kutish joyining maydoni kichik va o‘rindiqlar soni juda kam. Buxoro shahar hokimining 2020 yil 9 martdagi №885-sonli qarorida 40 kv.m maydonda bekat, 20 kv.m maydonda savdo maishiy xizmatlar uchun foydalanish mumkinligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq, tadbirkor tomonidan 48 kv.m maydonda savdo maishiy xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Atigi 12 kv.m maydon bekat sifatida qurilgan.
Bundan tashqari, Buxoro tumani markazi hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi M-37 yo‘lining 259 km.da, Buxoro shahar – Galaosiyo shahar yo‘nalishida, tadbirkor H.Murodov tomonidan qurilgan bekatning umumiy yer maydoni notarial idoraning 2015 yil 16 dekabrdagi 990-sonli qarorida jami 100 kv.m etib ko‘rsatilgan. Bu bekatda ham yo‘lovchilar uchun kutish maydonchasida o‘rindiqlar soni kamligi, maydonning asosiy qismidan savdo markazi sifatida foydalanib kelinayotganligi aniqlandi. Bu kabi holatni mazkur bekatning qarama- qarshi tomonida joylashgan Galaosiyo dehqon bozori bekatida ham kuzatish mumkin.
Eng achinarlisi, mazkur bekatlarni qurilishi va talab darajasida jihozlanishini doimiy nazorat qilib borish viloyat va shahar-tuman hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, qurilish bo‘limlari hamda transport boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan. Biroq, mutasaddilar tomonidan bu masala biror marotaba o‘rganilmagan va muhokamaga qo‘yilmagan. Tadbirkorlar tomonidan sodir etilgan qonun buzilish holatlariga hech qanday munosabat bildirilmagan. Vaholanki Vazirlar Mahkamasining 434-son qarori 7-bandida bu borada ularga shaxsiy javobgarlik yuklatilgan. Shuningdek, bundan avval ham viloyat IIB YXXB xizmati tomonidan o‘rganilib, bekatlar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborilgan.
Ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratib berish maqsadida bekatlardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish zarur. Buning uchun mahalliy hokimliklarning transport xizmatini nazorat qiluvchi o‘rinbosarlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni o‘rganib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar yuzasidan deputatlik so‘rovlari yuborilishi kerak. Qurilish komissiyalari tomonidan qayta o‘rganishlar olib borish, mavjud muammolarning bartaraf etilishini alohida nazoratga olish shart.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA