Mahalliy Kengashlar faoliyatida ochiqlik ta’minlanadi
Namangan davlat pedagogika instituti zalida xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi tashabbusi bilan viloyat, tuman va shahar Kengashlari faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda deputatlar, kotibiyatlar mas’ullari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.
Brifingda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi, deputat, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov mahalliy Kengashlar faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash, me’yoriy hujjatlarga qat’iy rioya qilish va deputatlik nazoratini ta’sirchan mexanizmga aylantirish borasida joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Shuningdek, aholi murojaatlarini o‘rganish, hududlarda ko‘tarilayotgan muammolarni Kengash sessiyalariga olib chiqish va ularning yechimi ustidan nazorat o‘rnatish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

E’tirof etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va ma’muriy islohotlar mahalliy Kengashlarning maqomini tubdan o‘zgartirdi. Agar ilgari Kengashlar ko‘proq qarorlarni tasdiqlovchi organ sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun ular ijro hokimiyati ustidan haqiqiy nazoratni amalga oshiruvchi, aholi manfaatlarini bevosita himoya qiluvchi institut darajasiga ko‘tarildi.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi. Mazkur jarayonga birdan kirib kelingani yo‘q, bu puxta o‘ylangan, konstitutsiyaviy asoslangan, bosqichma-bosqich amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasidir.

Tadbirda qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida Kengashlar tomonidan deputatlik nazoratini rasmiyatchilikdan amaliy natijaga o‘tkazish, mahalliy byudjet va davlat dasturlari ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, har bir deputatni o‘z saylov okrugida aholining ishonchli vakiliga aylantirish, Kengashlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va raqamlashtirishni ta’minlash maqsadida mahalliy Kengashlarda 116 sessiya o‘tkazilib, ularda jami 1 ming 122 masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
2026-yilning yanvar-avgust oylari mobaynida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida jami 1 ming 122 ta qaror qabul qilindi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu qarorlarning har biri aniq ijrochi, aniq ijro muddati va aniq natija indikatorlari belgilangan holda qabul qilinmoqda.

Deputatlarning xonadonlarga kirib borishi, odamlarning muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganishi va ularni tegishli mutasaddilar ishtirokida hal etish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, deputatlik faoliyatining asosiy mezoni – qabul qilingan qarorlar soni emas, balki ularning odamlar hayotida qanday o‘zgarish bergani bilan o‘lchanadi.
Kengash qarorlarining aholi hayotidagi ahamiyatining yana bir muhim yorqin misoli sifatida, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi doirasida xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining tegishli qarorlari asosida o‘tkazilgan 15 sessiyada 13 mingdan ziyod fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlari e’tirof etildi.
Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhomjon Rahmatov mahalliy Kengashlar faoliyatini jamoatchilikka ochiq va tezkor yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, deputatlarning dasturlar ijrosini joylardagi ijrosini o‘rganishlarini jurnalistlar bilan birgalikda press-tur shaklida tashkillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Viloyat Kengashi raisi Solijon Mo‘minov qayd etganidek, ochiqlik – bu faqat axborot berish emas. Bu jamoatchilik oldida hisobdor bo‘lish, tanqid va takliflarni eshitish, amalga oshirilayotgan ishlar haqida xolis ma’lumot berish demak. Shu ma’noda, brifingda jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollarining ishtiroki ham Kengashlar faoliyatini jamoatchilikka yaqinlashtirish, ochiq muloqot va axborot almashinuvini yanada kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA