Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imkoniyat
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi mas’ullari ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda ishtirokchilarga Prezidentimizning 2026-yil 4-fevraldagi “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mohiyati tushuntirildi.

Farmonga muvofiq, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etilib, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Xususan, Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jamg‘armasi orqali 10 million dollargacha imtiyozli kredit (xorijiy valyutada yillik 6 foiz, milliy valyutada yillik 12 foiz), yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun 30 foizgacha subsidiya (texnologiya transferi, brend, tovar belgilari huquqini olish uchun), sanoat startaplariga 50 foizgacha subsidiyalar ajratiladi.
2026-yil 1-apreldan byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 8-15 foizgacha narx preferensiyasi, 1-sentabrdan davlat xaridlarida ishtirokchilar uchun elektron-skoring tizimi, 1-oktabrdan byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy xizmatlarga 15 foiz narx preferensiyasi qo‘llanilishi tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratilishi qayd etildi.

Uchrashuvda mahalliy tadbirkorlarning davlat xaridlari tizimida ishtirok etish, mahsulotlarni sotish mexanizmi, elektron platformalardan samarali foydalanish, yirik korxonalar bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mahsulotlarga milliy sertifikat olish yuzasidan ma’lumot berildi.
– Muloqotda mahalliy sertifikat olish tartibi, taomillari, kamchiliklari bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan takliflar bildirildi, – deydi “Samarqand ekspertiza” MCHJ eksperti Shahboz Ahmadjonov. – Bu takliflardan kelib chiqib amaldagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida ma’lumot tayyorlandi. Masalan, hozirgi tartibda mahalliy sertifikat olish uchun uch xil mezon qo‘llaniladi. Ya’ni, mahsulotingiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hududida yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan bo‘lishi, mahsulotning ishlab chiqarish darajasi kamida 30 foiz bo‘lishi, mahsulot va xomashyo kodining dastlabki to‘rtta raqamida o‘zgarish bo‘lishi kerak. Bu mezonlar ko‘plab tadbirkorlarga mahalliy sertifikat olishda birmuncha qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu bois, o‘rganishlar, ochiq muloqotlarda bildirilgan takliflar asosida yangi nizom ustida ishlar olib borilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA