Mahalliy ishlab chiqaruvchilar yagona platformada jamlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahri hokimligi va Raqamli transformatsiya markazi hamkorlikda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasini tashkil etmoqda.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bir platformada jamlash, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu yirik tadbir poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Joriy yil 14-18 noyabr kunlariga belgilangan mazkur anjuman respublikaning yirik sanoat tashkilotlari bilan mahalliy sanoat korxonalari o‘rtasidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Yarmarkada yirik tarmoq korxonalari tomonidan xarid qilingan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ham namoyish etiladi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy sanoat korxonalari uchun importbop tovarlar ishlab chiqarish hisobiga faoliyat ko‘lamini kengaytirish, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari turini oshirish uchun yangi biznes g‘oyalarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Shu kunlari markazda 944 korxonaning 7 790 turdagi mahsuloti ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Shuningdek, V2V, V2G formatida uchrashuvlar, alohida tarmoqlar taqdimoti ham o‘tkaziladi.
O‘zA