Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqot
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida “Mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatni rasmiylashtirish jarayoni: muammo va takliflar” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Sertifikatlashtirish jarayonida tadbirkorlar duch kelayotgan masalalarni bevosita o‘rganish, ularning takliflarini tinglash hamda mavjud muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahridagi tadbirkorlar bilan bir qatorda, respublikaning turli hududlaridan 70 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlik sub’ektlari onlayn tarzda muloqotda qatnashdi.

Tadbir davomida “O‘zbekekspertiza” AJ vakillari tomonidan O‘zbekistonda tovarlarning mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganini aniqlash bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish tartibi, mahalliy ishlab chiqarilganlik mezonlari, mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatni rasmiylashtirish jarayoni va xizmat uchun to‘lov tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilib, taqdimot qilindi.

Har bir murojaat yuzasidan tegishli tushuntirish va javoblar taqdim etildi. Shuningdek, tadbirkorlarning taklif va mulohazalari tinglanib, sertifikatlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish, ortiqcha vaqt va xarajatlarni kamaytirish hamda ishlab chiqaruvchilar uchun qulay mexanizmlarni shakllantirishga doir masalalar muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA