Mahallaning yangi binosi ishga tushdi (+video)
Yangi yilning ilk kunlarida Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tilimizga “mahalla yettiligi” degan ibora kirib keldi. Bundan ko‘zlangan maqsad boshqaruvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahallalarga olib berishdir. Yangi binoda bu “yettilik”ka zarur sharoitlar yaratilgan.


Ayni paytda “Toshkent” MFYdagi mavjud 915 ta xonadonda 3 ming 464 nafar fuqaro istiqomat qiladi.
Mahalla shu vaqtga qadar o‘z binosiga ega emasdi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida mahalliy tadbirkor Parvez Nuraliyev tomonidan qariyb 479 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan 6 xonali zamonaviy bino maishiy texnika vositalari, kompyuter, mebellar bilan ham jihozlandi.


–Prezidentimiz tomonidan 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi, – deydi MFY raisi Sayyora Qo‘nisheva. – Yangi yilning ilk kunlarida yangi binoda faoliyat boshladik. Uzoq yillar tor xonalarda ishladik. Murojaat bilan kelgan fuqarolarni qabul qilishga qiynalgan paytlarimiz endi ortda qoldi.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniy otaxon va onaxonlar kelgusida mazkur inshoot ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qilishini va yurtimizning tinchligini so‘rab, duoga qo‘l ochdi.
Milliy udumlarimizga ko‘ra, tadbirkor Parvez Nurullayevga to‘n yopilib, mahalla raisiga ramziy kalit topshirildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1jSmZRnrXQ0" title="Mahallaning yangi binosi ishga tushdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat), O‘zA muxbirlari