Mahallaning haqiqiy fidoyisi
Jar yoqasiga kelib qolgan oilalarni saqlab qolish, uning parokandaligiga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyat murakkab va savobli ish.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida uzoq yillardan buyon raislik qilib kelayotgan Manzuraxon Valiyeva o‘z faoliyatida murakkab vaziyatdagi oilalarga e’tibor qaratish, yoshlarning bu borada mas’uliyatini oshirishga katta e’tibor qaratib keladi.
Manzura opa singari fidoyi insonlarning sa’y-harakati bilan qancha –qancha janjalli xonadonlardagi chigal masalalar barham topdi. O‘z haddini bilmagan kelinlar, oila oldidagi mas’uliyatini faqat ayolga qo‘l ko‘tarishda deb bilgan erkaklarni to‘g‘ri yo‘lga solishda, yoshlar baxtini faqat qo‘sh-qo‘shaloq tog‘orayu mol-matohlarda deb bilguvchi qudalar, ayniqsa, qaynonalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishda, ulardan maslahatini ayamaslikda Manzura opaning oldiga tushadigan raislar kam topiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bir kuni hamkasb opamiz tasodifan qiz jiyani o‘ta mag‘rurligi, kiborligi, kuyovning esa mas’uliyatsizligidan kuyinib, yosh oila ajrim holatiga kelib qolganini aytib qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, hamkasbimning jiyani Yangiobod mahallasiga kelin bo‘lib tushgan ekan.
– Bunday qaltis jarayonda ko‘plar “Kafil turma, kafansiz ketasan", qabilida ish tutib, o‘zini chetga oladi, – deb so‘zida davom etdi hamkasbim. – Manzura opa degan mahalla raisi bor ekanlar. O‘zini o‘tga cho‘qqa urib, shu opa jiyanimning oilasini saqlab qoldi. Har ikki yoshga janjalli vaziyatning yechimini yotig‘i bilan, vazminlikda, hayotiy misollar yordamida tushuntirib berdi. Turmushning buzilishi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini jiyanim ham, kuyov bola ham anglab yetishiga o‘z hissasni qo‘shgan edi mahalla raisi. Yo‘qsa, yoshgina oilaning buzilib ketishi hech gap bo‘lmay qolgandi. Hamma ham mushkul vaziyatlarda, oilaviy janjalda yoshlar, quda-andalarning o‘rtasiga tushavermaydi.
Manzura opani rosti, ko‘p yillardan buyon mas’uliyatli mahalla raisi sifatida yaxshi bilaman. Fidoyi opa nuqul xonadonma-xonadon yurib, og‘ir sharoitli oilalar, yolg‘iz keksalar, tibbiy ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan mahalladoshlari holidan xabar olishni, qo‘lidan kelganicha ularga yordam ko‘rsatishni kanda etmaydigan tinib-tinchimas ayol.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida “Ayollar, yoshlar temir daftarlari”ning joriy etilishi Manzura opa singari mahalla mutasaddilarining ishini yanada ko‘paytirgani ham rost. Shu bilan birga endilikda muammolarni toifalalashtirish, shunga qarab ularning yechimiga tegishli tashkilot va idoralar mas’ulllarini hamkorlikka chorlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi.
– Ijtimoiy ahamiyatga molik bunday daftarlarning joriy etilishi bilan birga odamlarning muammolarini tizimli hal etish bo‘yicha ham masalalarni samarali hal etish imkoni paydo bo‘ldi, – dedi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Manzura Valiyeva. – Ko‘plab ayollar tikuv sexlari, xususiy korxonalar, savdo shoxobchalariga ishga joylashdi. Kimlargadir imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi. Keksa bemor ayollar uchun shifoxonalarga order olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Bunday daftarlarning yordamga muhtoj oilalarga, ayollarga yaxshigina nafi tegmoqda.
Opa ertayu kech tinim bilmaydi. Mahalla hududidagi ko‘chalarning ozoda, sarishtaligini, xavfsizligini ta’minlashda tegishli tuzilmalar bilan birga ish olib borish, oilaviy poliklinika, maktab, mahalla hududidagi ijtimoiy ob’ektlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, xotin-qizlar bilan ishlash, vaziyati og‘ir ahvoldagi oilalarga nainki moddiy ko‘mak, balki o‘z moddiy ahvolini yaxshilash yo‘lida amaliy ko‘maklashish opaning faoliyatida ustuvor o‘rin tutadi.
Prezidentimizning 2021 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra Manzura opa Valiyeva “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganida opaga qo‘shilib butun mahalla ahli quvongani rost.
– Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda odamlar bilan ish olib borishning yangidan-yangi shakl va usullari amalga joriy etilmoqda,– dedi Manzura Valiyeva.– Bularning barchasi o‘z hayotini mahalla hayoti bilan chambarchas bog‘liq deb bilgan insonlar uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mukofotdan boshim osmonlarga yetdi. Shu bilan birga xonadonlar, oilalar bilan ishlashda hali muammolarimiz, hal etilishi kerak bo‘lgan ishlarimiz ko‘p. Bunday yuksak mukofot yanada katta mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi.
Ha, chindan ham Manzura opa singari fidoyi insonlarning borligi mahallalarimizdagi tinchlik, osudalik, oilalarning xotirjamligini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA