Mahallalardagi tadbirlardan aholi mamnun
Toshkent viloyati mahallalarida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-musiqiy tadbirlari o‘tkazilmoqda. Yosh ijodkorlar, shoir, yozuvchilarning Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, she’rlari, nuroniylarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘ularini oshirish borasidagi fikrlari aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda.
Tadbirlardan ko‘zlangan maqsad Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi asosida Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilayotgan yutuqlar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishdir. Mahallalar besh yo‘nalish bo‘yicha qamrab olinadi.


Taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi. Poytaxtimizdagi teatrlar, muzeylar, saylgohlar, yangi O‘zbekiston davrida bunyod etilgan diqqatga sazovor joylarga oddiy aholi sayohatga yuborildi. Mahallalarda, ta’lim muassasalarida kitob yarmarkalari, kitobxonlik va adabiy kechalar, “Zakovat”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” va “Besh muhim tashabbus” kabi ma’naviy-ma’rifiy va sport loyihalarida yoshlar qamrab olinmoqda.
Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida yurtimiz qiyofasining o‘zgarib borayotgani, mahallalarning bugungi va avvalgi ko‘rinishi, haqida maxsus videoroliklar aholiga namoyish etildi. “Armiya, vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida uyushmagan, tarbiyasi og‘ir va hisobda turuvchi hamda o‘quvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar, shuningdek, harbiy orkestr, ansambl, “Armiya o‘yinlari” g‘oliblari ishtirokida madaniy chiqishlar ham keng jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi.


–“Mahallada duv-duv gap” targ‘ibot tadbirlaridan ko‘zlangan natijalarimiz katta, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangiyo‘l tuman bo‘linmasi rahbari Saida Toshmatova. – Agar bu jarayonga shunchaki yuzaki munosabatda bo‘lib, befarqlik qilayotganlar oramizda bor bo‘lsa, ular xato qiladi. Biz ham Yangiyo‘l tumanining 64 ta mahallasida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-musiqiy tadbirlarni tashkil etdik. Tadbirlar orqali oddiy aholiga oxirgi marotaba oila a’zolari, farzandlari bilan birga qachon teatr yoki kinoga borgani haqida savollar bilan yuzlandik. Javoblar esa oddiy. Arzimagan sabablar tufayli bunga vaqt topmaganini aytishdi. Demak biz ijtimoiy muammolar, orzu-havaslarimizning ortidan quvib, farzandlarimiz taqdiriga loqaydlik bilan qarayapmiz.
Joriy yilning 3-11 yanvar kunlari 1- bosqich tadbirlari viloyatning barcha 1025 ta mahallasida yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ularda 121 ming 808 nafar aholining turli qatlami – nuroniylar, uyushmagan yoshlar, profilaktik va probatsiya hisobida turuvchi fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, imkoniyati cheklanganlar qamrab olindi.
“Mahallada duv-duv gap” targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududlarida bir oy davom etadi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri