Mahallalarda tadbirkorlik yanada rivojlanadi
Andijon tumanida "Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish – milliy uyg‘onish" tamoyili asosida aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi Baxtiyor Mamatkarimov, sektor rahbarlari hamda “mahallalar yettiligi” vakillari ishtirok etgan seminarda keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon tumani mahallalarida ham oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, shu orqali ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan belgilangan "Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish – milliy uyg‘onish" tamoyili asosida aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga keng imkoniyatlar yaratayotganligi alohida qayd etildi.
Seminarda mutasaddilar tomonidan mahalla yetakchilariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholini tadbirkorlikka kengroq jalb etish, tomorqadan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholiga imtiyozli kreditlar ajratish imkoniyatlari, mavjud resurslar haqida ma’lumotlar berildi.
Tumandagi Qoratut mahallasi vakillariga mahallaning “yuksalish nuqtasi”ni hisobga olib, aholi xonadonlarida issiqxonalar tashkil etish, qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida ish tashkil etish yuzasidan taklif, tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, parrandachilik, biogomus tayyorlash va ko‘chat yetishtirish kabi yaxshi daromad keltiruvchi yo‘nalishlarni, shuningdek, hunarmandchilikni rivojlantirish, bu boradagi ishlarni tizimli ravishda olib borish, natijadorlikka erishish muhimligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, seminarda ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, aholiga zarur shart-sharoitlar yaratib berish, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
[gallery-16394]
Seminar doirasida ta’minotchi korxonalar, fermer xo‘jaliklari tomonidan ishtirokchilarga aholiga yetkazib berish mumkin bo‘lgan tikuvchilik dastgohlari, asalari uyalari, issiqxonalar qurib berish imkoniyatlari, turli xizmatlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi, ko‘rgazmalar tashkil etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari