Mahallalarda ishlab chiqarish tarmoqlari ko‘paymoqda
Qaror va ijro
Prezidentimizning “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlarida yangi quvvatlar yaratishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, ayniqsa, mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish choralari ko‘rilmoqda. Bu vazifalarga alohida e’tibor qaratgan Yangiyo‘l tumani hokimligi ham sanoat tarmoqlari faoliyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan.

–Tahlillarga ko‘ra, 2023 yil yanvar-fevral oylaridagi anomal sovuq tufayli elektr va tabiiy gaz ta’minotidagi surunkali uzilishlar eksport prognoz ko‘rsatgichlari ijrosiga ta’sir ko‘rsatdi. Biroq mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tizimli ishlar amalga oshirildi, – deydi Yangiyo‘l tuman hokimining o‘rinbosari, investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Jo‘rayev. – Ishga tushgan loyihalar soni 1 dekabr holatiga ko‘ra 58 ta bo‘lib, umumiy qiymati 765,9 milliard so‘mni tashkil qildi. Yangi ish o‘rinlari soni esa 2 ming 271 taga yetgan.

Shundan sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 655,7 milliard so‘mlik 38 korxona foydalanishga topshirildi. Ularda 2 nafarga yaqin aholi bandligi ta’minlandi. Shulardan biri “Tuyabo‘g‘iz” mahallasida joylashgan “KIDDY TOYS” korxonasida bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqariladi. Mazkur korxona Belarus davlati bilan hamkorlikda ishga tushirildi. O‘tgan yilda uning ishlab chiqarish hajmi 18,5 milliard so‘m, eksport hajmi 420 ming AQSH dollarini tashkil etgan. Shu davrda 330 tonna o‘yinchoqlar uchun olib kelingan maxsus granulalardan foydalanib, 600 xil turdagi o‘yinchoqlar ishlab chiqarilgan. Hozir bu yerda 120 nafar aholi bandligi ta’minlangan, shundan 70 nafari xotin-qizdir.

G‘alaba mahallasida joylashgan “MISS MADI BISNESS” korxonasida ham dala hovli mebellari ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 50 nafarga yaqin malakali mutaxassislar mehnat qilib kelmoqda. Mavsum boshlanishi bilan 100 nafarga yaqin fuqarolar yana ishga jalb etiladi. O‘tgan yil mobaynida Xitoydan maxsus texnologiyalar olib kelinib, mahsulotlar mahalliylashtirildi va 10 xil turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlariga ham jami 50 ming AQSH dollari miqdorida eksport qilindi. Korxona joriy yil uchun 5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, yangi ish o‘rinlari yaratishni va faoliyatini kengaytirishni rejalashtirgan.
Umuman olganda, Yangiyo‘l tumani mahallalarida bu kabi sanoat tarmoqlarini ko‘paytirish orqali ishsiz aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish maqsad qilingan.

A. Musayev, O‘zA muxbiri