Mahallalarda futbol maydonchalari
...Sun’iy qoplamali futbol maydonchasi bolalar bilan gavjum. Yosh futbolchilarning zavq-shavqqa to‘la o‘yini o‘tgan-ketganning havasini keltiradi.
...Sun’iy qoplamali futbol maydonchasi bolalar bilan gavjum. Yosh futbolchilarning zavq-shavqqa to‘la o‘yini o‘tgan-ketganning havasini keltiradi.Bu poytaxtimizning Sergeli tumani Navro‘z mahallasida joylashgan sun’iy qoplamali futbol maydonchasidagi odatiy hol. Mazkur maydoncha 2013-yilda barpo etilgan. Sport inventarlari bilan ta’minlangan.
– Futbol mashg‘ulotlariga yangi qo‘shilgan bola dastlab to‘g‘ri yugurish, chigilyozdi mashqlari va to‘p bilan ishlashni o‘rganadi, – deydi murabbiy Husniddin Saydullayev. – So‘ngra futbol texnikasi va taktikasiga oid mashg‘ulotlarga jalb qilinadi. Mashg‘ulotlar haftada uch kun, bir yarim soatdan maxsus jadval asosida o‘tkaziladi. To‘garakka asosan 11-12 yoshdagi bolalar jalb etilgan. Hozirgi kunda ularning soni o‘ttiz nafarga yetdi.
– Bir yildan buyon futbol bilan shug‘ullanaman, – deydi Bobur Mo‘minov. – Do‘stlarim bilan darsdan so‘ng futbol mashg‘ulotlariga qatnaymiz. Mashg‘ulotlar davomida murabbiy bergan ko‘rsatmalarga amal qilamiz. Tumanimizda o‘tkaziladigan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi futbol musobaqalarida munosib qatnashib kelyapmiz.
Bu yerda nafaqat yoshlar, balki kattalar ham ishdan so‘ng futbol o‘ynab, salomatligini mustahkamlaydi.
Mamlakatimizda aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Yoshlarni sport mashg‘ulotlariga qiziqtirish, sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiyaga jalb etish uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy sport inshootlarining barpo etilishi natijasida nafaqat bolalar sporti, balki aholining barcha qatlami o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib bormoqda.