Mahallalar infratuzilmasi yaxshilanmoqda
Toshkent viloyati mahallalarida infratuzilma bilan bog‘liq ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlarini ta’mirlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yil Toshkent viloyatining 964 manzili obod bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi «2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida mazkur maqsadlar uchun byudjetdan 1 trillion 57,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.


Ushbu moliyaviy manba hisobidan aholining turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi muammolarning asosiy qismi hal etilmoqda. Hududlarning qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda.
Qarorga ko‘ra, Qibray tumanidagi 42 mahallada 53 loyiha bo‘yicha qurilish ta’mirlash ishlari ko‘zda tutilgan. Buning uchun 48,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. bugungi kunga kelib, mana shu manzillarning aksariyat qismida bunyodkorlik ishlari yakuniga yetkazildi. Inshootlar foydalanishga topshirilmoqda.


Qibray tumani miqyosida asosiy murojaatlar kommunal sohadan iborat. Tumanning 12 ta og‘ir hududidagi muammolar hal etilmoqda. Jumladan, “Qipchoq” mahallasiga suv o‘tkazib berildi. “Iftixor”, “G‘afur G‘ulom”, “Beruniy” mahallalarida kanalizatsiya masalasi hal qilindi. Eski sim yog‘ochlar o‘rniga, beton stolbalar qo‘yildi, transformatorlar almashtirildi.
O‘tgan yillar davomida ta’mirtalab holga kelgan “Yuqoriyuz” mahallasidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti dastur asosida to‘liq rekonstruksiyadan chiqarildi. Bog‘chada bolalarning maroqli dam olishlari, o‘ynashlari toza havoda sayr qilishlari, mashg‘ulotlar o‘tkazishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi.


Tuman kommunal xizmat ko‘rsatish tizimida ham kuz-qish mavsumiga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Qibray tumani issiqlik manbai xonasiga qarashli qozonxona ta’mirlandi. Byudjet mablag‘idan muddatini o‘tagan, eski jihozlar, qozonxonalar yangisiga almashtirildi. Uzatish quvurlari o‘raldi. Buning natijasida gaz sarfi kamayadi, issiq suv va issiqlik quvvati ta’minlanishi sifati yaxshilanadi.
Hududlarda bo‘layotgan bunday o‘zgarishlar, yangilanishlar fuqarolarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularning ertangi kunga nisbatan ishonchini mustahkamlamoqda.


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA