Mahalladan oilalarga ko‘proq naf bo‘lsa!
Kundalik turmushimiz, hayotdan roziligimiz, kayfiyatimiz mahalla bilan bog‘liq. Negaki, mahalla jamiyatning o‘ziga xos ko‘zgusi.
Bugun mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha masalalar har qachongidan ham muhimligi ayon bo‘lmoqda.
O‘tgan 2021 yil davomida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida qanday ishlar bajarildi?
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida 9 314 ta mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning dardini eshitadigan, muammolarini hal etishga ko‘maklashadigan tuzilma “Ayollar maslahat kengashlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
9314 ta mahallada “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” tashkil etildi, komissiyalar tarkibiga faollar - psixolog, otinoyi va imom xatiblar, nuroniy onaxon va otaxonlar, jamoatchi faollar jalb etildi.
Ajrim yoqasiga kelib qolgan 20 ming 613 ta oila yarashtirildi, 13 ming 855 tasining nikohi qonuniylashtirildi, 17 ming 504 oilaning notinchligiga barham berildi.
Vazirlik va uning tuman (shahar) bo‘limlari huzurida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etildi. Bu markazlarda salkam 100 ming nafar nikohlanuvchi shaxslar oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘qitildi.
14 ming 300 notinch, 139 erta tug‘ruq aniqlangan oilalarga psixolog, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar xodimlari, pedagog, din ulamolari va huquqshunoslar biriktirildi.
Qariyb 100 ming nafar xotin-qizning “Har bir oila – tadbirkor”, “Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida bandligi ta’minlandi. 41 ming 110 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
209 ming 767 nafar ijtimoiy sharoiti og‘ir xotin-qizlar doimiy ishga, 53 ming 673 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 96 ming 873 nafar opa-singillarimiz tadbirkorlik sohalariga jalb etildi. 6 ming 500 nafar xotin-qizlarga kichik biznes loyihalari uchun Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 100 milliard 341 million 451 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
55 ming 318 nafardan ziyod ayollar hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tomonidan tikuvchilik, pazandachilik va boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitildi.
Og‘ir turmush sharoitidagi, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni arzon uy- joylar bilan ta’minlash maqsadida 1630 nafar ayolning uy-joy bilan ta’minlanishi uchun 31 milliard 643 million 905 so‘m boshlang‘ich badal mablag‘lari o‘tkazib berildi. Nogironligi bo‘lgan 7 ming 350 nafar ayollar va bolalarga 7 milliard 528 million so‘mlik 3 290 ta nogironlik aravachasi, 1 906 ta eshitish moslamasi, 2 154 ta boshqa reabilitatsiya vositalari olib berildi.
Tibbiy yordamga muhtoj nogironligi bo‘lgan 205 nafar xotin-qizga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Xotin- qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 6 milliard 483 million 505 so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
Bu Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hisoboti. Raqamlar va statistika, aniq ma’lumotlar yaxshi albatta. Aytmoqchi bo‘lganimiz - bu ma’lumotlar oilalar, oddiy odamlar, haminqadar kun ko‘rayotgan xonadonlarga rostmana foyda, samara keltirsa, og‘irini yengil qilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Ha, bugun mahallalardagi muammolardan ham yuz burib bo‘lmaydi. "Ayollar", "yoshlar", "temir" daftarlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish mazkur yo‘nalishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ishlarni zamon bilan hamohang tashkil etishning muhim jihatlari Prezidentimiz raisligida 15 yanvar kuni mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga oid videoselektor yig‘ilishida batafsil belgilangani bejiz emas. Zero, aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyat o‘rganilib, mahallalar qiyofasi, ijtimoiy muhitini yaxshilash masalasi bugun dolzarbdir.
Nazokat Usmonova, O‘zA