Mahalladagi muammolar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 21-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qator tashkilot va idoralar, mutasaddilarga tegishli vazifalar, topshiriqlar berildi.
Darhaqiqat, mahallalar obodligi, zarur sharoitlar yaratilgani, kommunal xizmatlarning sifati va ko‘p qavatli uy-joylarning holati odamlarning kundalik turmushi hamda kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, bu yo‘nalishdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish aholi uchun munosib yashash muhitini shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi o‘rganishlari davomida ayni shu masalalarga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, deputat Oydin Abdullayeva Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi mahallalarda bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi ta’minoti hamda hududlarni obodonlashtirish bilan bog‘liq masalalarni joyida o‘rgandi. Mahallalardagi mavjud holat atroflicha tahlil qilindi.

Aholi bilan ochiq muloqotlarda, ayniqsa, mahallalardagi sug‘orish tizimini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolar yashil maydonlar, daraxtlar va gulzorlarni muntazam parvarishlash uchun suv ta’minoti yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganini bildirdi. Sug‘orish tizimidagi mavjud kamchiliklar esa hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan ishlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning umumiy foydalanishdagi qismlari, pod’ezdlarni ta’mirlash, kommunal va elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlar ham tinglandi.

Deputat har bir masalani mas’ul tashkilotlar ishtirokida muhokama qilish, muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularga manzilli yechim topish yuzasidan vazifalarni belgilab oldi.
Boshqaruv servis kompaniyalari hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan uchrashib, fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarni muhokama qildi. Ko‘tarilgan masalalarni mavjud zaxira mablag‘lari doirasida bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Belgilangan ishlar deputat nazoratiga olindi.
M.Komilova,
O‘zA