Mahalladagi imkoniyat: ikki manzil bir maqsad sari qadam
Bugun mahalla faqat aholi istiqomat qiladigan hudud emas, balki yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik tashabbuslari va oilaviy daromad manbalari shakllanadigan muhim iqtisodiy maskanga aylangan.
2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyat yuksalishi yili” deb e’lon qilingani mahalladagi har bir imkoniyatni aniq loyihaga, har bir loyihani esa yangi ish o‘rni va barqaror daromad manbaiga aylantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shunga asaosan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Xaitovning Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davomida Jondor tumanidagi “Qozikenti” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, hududning ishlab chiqarish salohiyati, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
“Qozikenti”dagi eng e’tiborli jihatlardan biri — aholida yillar davomida shakllangan amaliy tajriba asosida qurilish sohasida talab yuqori bo‘lgan alyuminiy eshik va romlar ishlab chiqarilayotganidir. Bugun xonadonlarda tarqoq tarzda amalga oshirilayotgan ana shu faoliyatni katta sanoat imkoniyatiga aylantirish uchun asos bor.
Mahallaning M-37 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgani esa bu imkoniyatni yanada kengaytiradi. Tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish, xomashyo olib kelish, buyurtmalarni tezkor bajarish va logistika xarajatlarini maqbullashtirish uchun qulay sharoit mavjud.


E’tiborlisi, hozirda 200 dan ortiq xonadonda tarqoq holda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarishlarni bir joyga jamlash rejasi ishlab chiqilgan. Buning uchun 4 gektar maydonda zamonaviy sanoat markazini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu markazda qiymati 35,7 milliard so‘m bo‘lgan 72 ta loyihani amalga oshirish va 350 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu raqamlarning har biri ortida esa inson taqdiri bor. Shu ma’noda, “Qozikenti”dagi tashabbusni xonadonlardagi kichik ishlab chiqarishlarni zamonaviy sanoat tizimiga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam, deyish mumkin.
O‘rganish davomida mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va raqobatbardoshligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2026-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun katta hajmda resurslar yo‘naltirilishi, mahallalarda minglab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish belgilangan.


O‘rganishlarning navbatdagi manzili — “Xo‘jikent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Ruslan Negmurodov xo‘jaligi bo‘ldi. Bu yerdagi faoliyat esa mahalladagi iqtisodiy imkoniyatlarning yana bir qirrasini namoyon etadi. Xo‘jalikda 270 bosh xorijiy zotli ot parvarishlanmoqda. Otlarni asrash, oziqlantirish va ko‘paytirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, mazkur faoliyat natijasida 8 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan. Xo‘jalikning yillik aylanmasi 1,5 milliard so‘mni tashkil etayotgani ham sohaning iqtisodiy salohiyatini ko‘rsatadi.
Aktam Xaitov xo‘jalikdagi ishlar bilan tanishar ekan, otchilikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga e’tibor qaratdi.
Jondordagi ushbu ikki manzil bir-biridan farqli bo‘lsa-da, mazmunan bir nuqtada tutashadi: imkoniyat bor joyda tashabbus bo‘lsa, mehnat bor joyda daromad bo‘ladi.
“Qozikenti”da xonadonlarda yillar davomida shakllangan hunar sanoat markaziga aylanish arafasida. “Xo‘jikent”da esa otchilik sohasidagi tadbirkorlik tajribasi kengayishi uchun zamin yaratmoqda. Eng muhimi, bu jarayonda mahalla iqtisodiy hayotning passiv kuzatuvchisi emas, balki uning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Jondordagi o‘rganishlar oddiy tanishuv emas, balki mahalladagi mavjud imkoniyatlarni yanada katta iqtisodiy harakatga aylantirishga qaratilgan amaliy yondashuvning bir ko‘rinishidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri