“Mahallada duv-duv gap” loyihasi doirasida tanlovlar
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida “Obod xonadon– obod ko‘cha– obod mahalla” davlat dasturi doirasida “Quyi Chuqurak” mahalla fuqarolar yig‘inida “Mahallada duv-duv gap” loyihasi doirasida “Obod xonadon” ko‘rik- tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov tuman oila va xotin qizlar bo‘limi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Tanlovda mahallada barchaga o‘rnak bo‘lgan, hayot sinovlarida toblangan, mahallada obro‘ qozongan oila a’zolari va kelin-qaynonalar qatnashdi.
Ko‘rik -tanlov ishtirokchilari oilasi, yashayotgan hududi va undagi muhit, amalga oshirilayotgan sa’y-harakati, ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil to‘xtaldi. Shuningdek, xonadon bekalari mehmon kutib olish hamda pazandalik mahoratini ham namoyon qildi. Bunda asosan milliy taomlar hamda tandirda non yopish mahorati baholandi. Ishtirokchilarning oila gigiyenasi, xonadonda tozalikning ahamiyati, oshxona, tandiru o‘choq boshidagi gigiyena, shaxsiy gigiyena qoidalari, sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish bo‘yicha shartlar asosida chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi.
[gallery-14007]
Shuningdek, tadbir davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan “Eng yaxshi kitobxon oila” ham aniqlandi.
–Kitob – eng odil do‘st, beminnat muallim, bebaho xazina. Dunyodagi eng zo‘r kashfiyot ham kitobdir, –deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi rahbari D. G‘afforova. –Qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, ibratli hayotini keng targ‘ib etish maqsadida bu tanlov o‘tkazildi.
Tanlovda mahallada barchaga o‘rnak bo‘lgan, hayot sinovlarida toblangan, obro‘-izzat qozongan va kitobga mehri baland hamda bugungi kunda mahalla yoshlariga kitobxonlikni targ‘ib etayotgan oilalar vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlov natijasiga ko‘ra, “Eng ibratli ayol” nominatsiyasida Rohat Nazarova, “Eng sarishtali ayol” nominatsiyasida Ibodat Xalilova, “Eng oqila ayol” nominatsiyada Nasiba Saidova, “Eng pazanda kelin” nominatsiyasida Xurshida Sharipova, “Eng kitobxon oila” nominatsiyasida Mahbuba Pirnazarova hamda Malika Mustafoyevalar g‘olib bo‘lishdi.
G‘oliblar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limining sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari.