Mahallada bunyodkorlik ishlari avjida
Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi G‘afur G‘ulom mahallasida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyili asosida keng ko‘lamdagi obodonchilik va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Dastlab tasdiqlangan “Yo‘l xaritaga” ko‘ra, mahalladagi ko‘chalarning holati hamda infratuzilmasini o‘rganish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan mavjud 4 ta ko‘cha, 543 ta xonadon, 686 ta oila hamda 3020 nafar aholi xatlovdan o‘tkazildi.

Xatlov natijalariga ko‘ra, mahalla hududida olib borilayotgan tadbirlar uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilib, 1 milliard so‘m mablag‘ni respublika, 3 milliard so‘m mablag‘ni esa mahalliy byudjetdan ajratish belgilandi.

– Dastur doirasida mahallamizda olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlariga 25 dan ortiq turli maxsus texnika jalb etilgan, – deydi mahalla raisi Rahmatjon Saidov. – Mahallada uzoq yillardan buyon yechimini kutib turgan muammolardan biri ichimlik suvi muammosidir. Mahalla aholisining markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida suv quvurlari yotqizilib, 250 metr kub sig‘imga ega suv saqlash inshooti qurilmoqda. Mahallada piyodalar yo‘lakchasi qurilib, yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda. 2 km ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizildi. Elektr energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida 159 ta beton tayanch ustunlari o‘rnatilib, 4200 metr zamonaviy SIP kabel tortildi hamda 2 dona 160/10kV. transformator punkti o‘rnatildi. Shuningdek, 8,4 km tabiiy gaz tarmoqlarida bo‘yoqlash ishlari olib borildi.

Mahalla yoshlarining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun "Street workout" sport maydonchasi qurilmoqda.
Dastur doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar doirasida 14 ta tibbiy yo‘nalish bo‘yicha tor mutaxassislar aholi orasida ko‘p tarqalgan kasalliklar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishdi. 2932 nafar, shundan, 1870 nafar xotin-qiz chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘tgan davr mobaynida mahalladagi ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 3 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. 45 nafari jamoatchilik ishlariga jalb etildi. 40 nafari o‘zini-o‘zini band qilgan bo‘lsa, 35 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz 29 nafar fuqaroga 271 million so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari subsidiya asosida olib berildi. 3 nafar fuqaroga esa 91 million so‘m bank krediti ajratildi.
Ayni paytda mahalla fuqarolar yig‘ini binosi qurilmoqda. Aholi xonadonlarini tartibga keltirish, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish bo‘yicha obodonlashtirish ishlariga mas’ul korxona va tashkilotlar tomonidan targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri